Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi” o‘z ishini boshladi. Mazkur tadbirda mintaqa davlatlari va Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlardan vazirlar, vazir o‘rinbosarlari, shuningdek, 300 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

Kongressda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov ham qatnashmoqda.

Ma’lumki, 2025-yil 3–4-aprel kunlari Samarqand shahrida ilk bor “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi sammiti” o‘tkazilib, unda ikki hudud o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan edi. Ushbu kongress ana shu sammitda belgilangan vazifalarning mantiqiy va amaliy davomi sifatida tashkil etilmoqda.

Bugungi global o‘zgarishlar sharoitida ta’lim va ilm-fan sohasi xalqaro integratsiyaning muhim omiliga aylanmoqda. Shu jihatdan, mazkur kongress Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi akademik hamkorlikni tizimli ravishda rivojlantirishga xizmat qiladi.

“Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo universitetlari o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari” mavzusidagi sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Tojikiston Respublikasi ta’lim va fan vaziri Rahim Hamro Saidzoda, Qirg‘iz Respublikasi ta’lim va fan vaziri o‘rinbosari Durus Kozuyev hamda Polsha Respublikasining fan va oliy ta’lim sohasi bosh direktori Marsin Iskra ishtirok etib, dolzarb masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Kongress doirasida ikki diplomli ta’lim dasturlarini kengaytirish, sun’iy intellekt, biomedisina va “yashil” texnologiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish, Erasmus+ va Horizon Europe dasturlarida ishtirokni faollashtirish, shuningdek, universitet va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.