Bugun, Sankt-Peterburg davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali vakillari O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘lib, talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur oliygohning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Artem Rubtsev so‘zga chiqib, bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlari, o‘quv jarayonlari, qabul shartlari hamda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Ochiq muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Jumladan, o‘qishga kirish talablari, ta’lim dasturlarining o‘ziga xos jihatlari, amaliyot va akademik mobillik masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Filial vakillari barcha savollarga atroflicha javob berib, universitet ta’lim sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va talabalarga qulay sharoit yaratish borasida olib borilayotgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tishdi.
Ma’lumot o’rnida, Sankt-Peterburg davlat universiteti 1724-yilda Pyotr I tomonidan asos solingan Rossiya Federatsiyasining birinchi universiteti hisoblanadi.
Universitet dunyoning TOP-300 nufuzli oliygohi ro‘yxatiga kiradi. Bugungi kunda 29 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, ularning 20 foizini chet ellik talabalar tashkil etadi.
Universitet bitiruvchilari orasida 9 nafar Nobel mukofoti sovrindori, 2 nafar Filds mukofoti sovrindori, dunyoga mashhur olimlar, 2 nafar davlat rahbari va 6 nafar hukumat a’zosi bor.
2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Sankt-Peterburg davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali ochildi.
O‘zMU Axborot xizmati