
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda talabalarning osonish.uz va career.edu.uz platformalarida ro‘yxatdan o‘tishi mavzusi qizg‘in muhokama qilinmoqda. O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi ushbu masalaga befarq bo‘lmagan barchaga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Biz uchun har bir fikr muhim va shu sababli vaziyatga yana bir bor aniqlik kiritib o‘tmoqchimiz.
Eng avvalo, shuni qat’iy ta’kidlaymizki, universitetda talabalarni biror-bir platformada ro‘yxatdan o‘tishga majburlash amaliyoti mutlaqo yo‘q. Biz har doim ixtiyoriylik tamoyiliga amal qilamiz va talabalarimizning shaxsiy tanlovini hurmat qilamiz.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «ro‘yxatdan o‘tmasa, diplom himoyasiga qo‘yilmaydi» mazmunidagi gap-so‘zlar hech qanday asosga ega emas. Diplom — bu talabaning ko‘p yillik mehnati, izlanishi va olgan bilimlarining mevasidir. Uni hech qanday platformadagi ro‘yxat bilan cheklab yoki shartlab bo‘lmaydi.
Ushbu platformalarda talabalarning ro‘yxatdan o‘tish ko‘rsatkichi universitetning ichki yoki xalqaro reytinglariga ta’sir qilmaydi va muassasa bundan hech qanday moddiy yoki ma’muriy manfaatdorlikka ega bo‘lmaydi. Universitetning yagona manfaati — har bir bitiruvchining ertaga ishsiz qolmasligi va munosib daromadli kasb egasi bo‘lishidir.
Xo‘sh, nega biz bu platformalardan foydalanishni tavsiya etyapmiz?
Bugungi kunda faqat diplomga ega bo‘lishning o‘zi kamlik qilishi mumkin. Biz bitiruvchilarimiz o‘qishni tamomlagan kuniyoq o‘z mutaxassisligi bo‘yicha munosib ish topishlarini istaymiz. Bu platformalar esa shunchaki zamonaviy yordamchi vositalardir. Ular orqali minglab bo‘sh ish o‘rinlari orasidan o‘zingizga mosini saralab olish, professional rezyume yaratish va ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqish mumkin.
Universitetning vazifasi talabalarga nafaqat sifatli ta’lim berish, balki ularga katta hayot ostonasida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdir. Platformalar bu borada qo‘shimcha imkoniyat, undan foydalanish yoki foydalanmaslik talabalar ixtiyorida.
Biz har bir talabamizning huquqlarini hurmat qilamiz va ularning muvaffaqiyati uchun hamisha ko‘mak berishga tayyormiz.