Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Mehnat faoliyati

Xikmatov Fazliddin – 1952 yilda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq (hozirgi Parkent) tumanining Nomdanak qishlog‘ida tug‘ilgan. Geografiya fanlari doktori (2002), professor (2009), Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMU Quruqlik gidrologiyasi va meteorologiya kafedrasi professori.

U 12 ta monografiya, 8 ta darslik, 15 ta o‘quv qo‘llanma, 5 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 10 ta atlas, 200 dan ziyod ilmiy maqolalar muallifi. Professor F.Xikmatov tomonidan tayyorlangan “Gidrometriya” darsligi “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” respublika tanlovida birinchi (2015) va “Umumiy gidrologiyadan amaliy mashg’ulotlar” o’quv qo’llanmasi esa ikkinchi (2005) o‘rinlarni egallagan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovida qatnashib, 2016 va 2017 yillarda ketma-ket O‘zMU g‘olibi, 2018 yilda Respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan.

Prof. F.Xikmatov tog‘li hududlar gidrologiyasi sohasida taniqli olim. Uning daryolar oqimini hisoblash va prognozlash usullarini takomillashtirishga oid tadqiqotlari xalqaro miqyosda e’tirof etilgan. Xalqaro Biosfera fanlari akademiyasi (MABIN)ning muxbir a’zosi, M.V.Lomonosov nomidagi MDUning “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlangan (2005). 

U 3 ta fundamental, 5 ta amaliy va 2 ta innovatsion loyihalarga ilmiy rahbarlik qilgan, 4 ta xalqaro loyihalar ishtirokchisi. Oxirgi 2022-2025 yillarda FZ-2020110111-sonli «O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi, qayta tiklanadigan energiya resurslari va aholi salomatligi» mavzuidagi O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma loyihasi F.Xikmatov rahbarligida muvaffaqiyatli yakunlandi.

Prof. F.Xikmatov rahbarligida 50 dan ortiq magistrlar, 3 ta fan nomzodi, 12 ta falsafa doktori (PhD) va 7 ta fan doktori (DSc) tayyorlagan. O‘zMU, GMITI va “TIQXMMI” MTU qoshidagi Ixtisoslashgan Kengashlar a’zosi.

O‘zR OAK ro‘yxatidagi “O‘zbekiston GJ axboroti” jurnalining bosh muharriri, “Gidrometeorologiya va AMM” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari.

“Mehnat shuhrati” ordeni (2008), “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni (2021) va “Mehnat faxriysi” I darajali ko‘krak nishoni (2023) bilan taqdirlangan.

Uslubiy nashrlar

Avtoreferat

Ilmiy nashrlar

Sertifikatlar

Videodarslar

Loyihalar