Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Toshkentda ilmiy izlanish olib borayotgan xotin-qizlar o‘rtasida intellektual tanlov bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 31-oktabr kuni Olmazor tumanidagi “G‘alaba bog‘i”da joylashgan “Millat fidoyilari” yodgorlik majmuasida O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi tashabbusi bilan ilmiy izlanish olib borayotgan xotin-qizlar o‘rtasida intellektual ko‘rik-tanlovning Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi.


Tadbirning asosiy maqsadi – ilmiy unvonga ega bo‘lgan, katta ilmiy xodim-izlanuvchi, tayanch doktorant, mustaqil va erkin tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritayotgan ayollarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalarini targ‘ib etish hamda ilm-fanda faol xotin-qizlarni rag‘batlantirishdan iborat bo‘ldi.

Tanlovda ishtirokchilar zukkolik, sahna madaniyati, jamoa bilan ishlash qobiliyati, ilmiy faoliyatni samarali tashkil eta bilish, nazariy bilim darajasi va notiqlik mahorati kabi yo‘nalishlarda o‘z iqtidorlarini namoyish etdilar. Shuningdek, ular sun’iy intellekt va axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etishdagi ijodkorliklarini ham namoyon etdilar.

Musobaqada Toshkent shahridagi turli oliy ta’lim muassasalarining gumanitar, tabiiy va aniq fanlar yo‘nalishida tadqiqot olib borayotgan 15 nafar yosh olima quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha bellashdi:

• “Eng innovatsion g‘oya sohibasi”

• “Eng yaxshi dasturiy ishlanma, texnologik ilova yoki raqamli media mahsulot sohibasi”

• “Eng zukko va topqir ishtirokchi”

• “Eng mohir ilm-fan ommalashtiruvchisi”

• “Eng faol milliy qadriyatlar targ‘ibotchisi”

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiya vazirligi Yoshlar siyosati va ma’naviy-tarbiyaviy ishlar boshqarmasi vakillari hamda “Olima” uyushmasi raisi, t.f.d., professor R.H. Murtazayeva va Toshkent shahar “Olima” uyushmasi raisi G.A. Ixtiyorova ochib berdi.

Tanlovni baholashda taniqli olimalar — t.f.d., prof. Ishanxodjayeva, t.f.d., prof. D. Bobojonova, texnika fanlari doktori, prof. S.S. Beknazarova hamda boshqa mutaxassislar faol ishtirok etdilar.

 

Tadbir yakunida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti “Jahon tarixi” kafedrasi tayanch doktoranti Akramova Yulduz Ulug‘bek qizi “Eng zukko va topqir ishtirokchi” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.