Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Ustozlarga ta’zim!

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida umumxalq bayrami – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan “Ustozlarga ta’zim!” deb nomlangan onlayn bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. ZOOM dasturi orqali karantin qoidalariga amal qilgan holda tashkil etilgan bayram tadbirida universitet professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdilar.Universitet rektori, professor, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Avazjon Marahimovning ustozlar jamoasini bayram munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.

– Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, o‘zining ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosibdir,– dedi universitet rektori.– Bu qutlug‘ dargohda yorqin g‘oyat iz qoldirgan Qori Niyoziy, Toshmuhammad Sarimoqov, Obid Sodiqov, Sa’di Sirojiddinov kabi o‘nlab akademiklar, mashhur olimlar, O‘zbekiston Qahramonlari Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari adiblar va shoirlarning ruhlari mudom shod ekanini his etayapmiz. Negaki, Milliy universitetimiz jamoasi ular faoliyat ko‘rsatishgan davrdagi shuhratini tiklash barobarida jahondagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoridan o‘rin egallash yo‘lida jadal harakat qilmoqda. Bu hol umri shu mo‘’tabar dargoh bilan hamohang o‘tgan aziz ustozlarimiz ruhini shod etsa, bugungi jamoamizga va kelgusida o‘rinbosarlarimiz hisoblanmish talabalarimiz g‘urur baxsh etadi.

Aziz ustozlarning – ko‘z nuri va qalb qo‘rini, bor bilim va tajribasini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlab, ma’rifat ziyosini taratib kelayotgan fidoyi insonlarni harqancha e’zozlasa arziydi. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning: “Avlodlaringizga faqat bugunning emas, kelgusi zamonning ilmini o‘rgating”, degan so‘zlari ro‘yobini bugun mana shu ilm bo‘stonida yaqqol ko‘rish mumkin.

O‘zMU professori Shavkat Otajonov Milliy universitetimizning so‘nggi uch-to‘rt yil mobaynida erishgan yutuqlari haqida g‘urur bilan so‘zlar ekan, kelgusida bundan-da yuksakroq marralarga erishish yo‘lida sobitqadamlik bilan harakat qilishimiz zarurligini ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, akademik Baxtiyor Ibragimov, O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Iqbol Mirzo, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning videoyozuv orqali tabrigi barchaga xushnudlik baxsh etdi.Universitet iqtidorli talabalarining she’rlari, xushovoz xonanda Nargiza Azimovaning dilrabo qo‘shiqlari bayram davrasiga yanada fayz kiritdi.

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi