O‘zbekiston Milliy universiteti Algebra va funksional analiz kafedrasi professori, V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktor o‘rinbosari, fizika-matematika fanlari doktori, akademik O‘tkir Roziqov hamda kafedra jamoasi Olmazor tumanida joylashgan 249-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar va o‘qituvchilar ishtirokida “Akademik bilan uchrashuv” mavzusida davra suhbati o‘tkazdilar.

Tadbir maktab direktori tomonidan mehmonlarni jamoaga tanishtirish bilan boshlandi. Shundan so‘ng, Algebra va funksional analiz kafedrasi mudiri Rustamjon G‘aybullayev akademik O‘tkir Roziqovning qisqacha tarjimai holi va ilmiy faoliyati haqida ma’lumot berdi. Uchrashuv davomida akademik o‘quvchilarga matematikaning bugungi taraqqiyotdagi o‘rni, nazariy bilimlarni amaliy masalalarga tatbiq etish masalalari haqida atroflicha so‘zlab berdi.

Shuningdek, u o‘zining ilmiy faoliyat yo‘nalishlari turli fan sohalaridagi amaliy muammolarni matematik modellar asosida yechishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Tadbir savol-javoblar ruhida davom etib, o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Eslatib o‘tamiz, akademik O‘tkir Roziqov Stanford University va Elsevier ilmiy reytinglariga ko‘ra dunyoning eng nufuzli olimlari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, jahonning eng kuchli 2 foiz matematiklari qatoridan joy olgan.