O‘zbekiston Milliy universitetida maktab o‘quvchilari uchun amaliy mashg‘ulot tashkil etildi

Olmazor tumani 261-sonli maktabning yuqori sinf o‘quvchilari uchun O‘zbekiston Milliy universiteti Geografiya va geoaxborot tizimlari fakultetida joylashgan H.Hasanov nomidagi Globus xonasida mahorat darsi tashkil etildi. Unda fakultetning tajribali professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Mashg‘ulot davomida o‘quvchilarga noyob ilmiy obyekt — globusning yaratilish tarixi, uning ilmiy va amaliy ahamiyati, shuningdek, bu boradagi qiziqarli faktlar atroflicha tushuntirildi. Globusning o‘lchamlari, o‘ziga xos jihatlari, materik va okeanlar joylashuvi, geografik koordinatalar tizimi hamda uning boshqa shunga o‘xshash namunalardan farqli tomonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mazkur amaliy dars o‘quvchilarga nazariy bilimlarni jonli misollar orqali yaxshiroq anglash va fanga bo‘lgan qiziqishini mustahkamlash imkonini berdi. Shu bilan birga, universitet muhiti bilan yaqindan tanishish ularning kelgusida ta’lim yo‘nalishini ongli ravishda tanlashiga xizmat qiluvchi muhim omil bo‘lib xizmat qildi.

Bunday uchrashuv va mahorat darslari ta’lim bosqichlari o‘rtasida uzviylikni ta’minlash, yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda ularni ilmiy-ma’rifiy muhitga kengroq jalb etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.