O‘zbekiston Milliy universitetida joriy yilning 23–25-oktabr kunlari elastik-plastik deformatsiya nazariyasi, ko‘p fazali suyuqliklar mexanikasi va eksperimental aerodinamika yo‘nalishlariga bag‘ishlangan “Raxmatulin o‘qishlari” xalqaro simpoziumi bo‘lib o‘tmoqda.




Mazkur ilmiy anjuman O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish, mexanika sohasidagi tadqiqotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, xalqaro miqyosdagi innovatsion yutuqlardan samarali foydalanish hamda sohaga oid hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.


Simpoziumda Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi davlatlardan 40 dan ortiq yetakchi olimlar ishtirok etmoqda. Jumladan, Rossiya Fanlar akademiyasi akademiklari R.I. Nigmatulin, S.L. Chernishev, K.I. Sipalo, V.P. Matviyenko kabi jahonga tanilgan mutaxassislar mexanika fanining dolzarb masalalari yuzasidan o‘z ilmiy qarashlarini taqdim etishmoqda.



Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlarining taniqli olimlari, professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar hamda talabalar ham faol ishtirok etishmoqda.
Simpozium davomida tutash muhitlar mexanikasi, nazariy va tatbiqiy mexanikaning dolzarb masalalari muhokama qilinmoqda, ilmiy g‘oyalar va tajriba almashinuvi amalga oshirilmoqda, yosh olimlar va izlanuvchilar uchun amaliy tajriba maktabi sifatida xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida ilmiy ma’ruzalar tinglanmoqda, seksiyalar bo‘yicha muhokamalar tashkil etilmoqda hamda ilg‘or ilmiy ishlanmalar taqdimotlari o‘tkazilmoqda.