Rektor Prezident va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlarini taqdirladi

O‘zbekiston Milliy universitetida 2025/2026-o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari bo‘lgan bakalavriat va magistratura bosqichi iqtidorli talabalari ishtirokida tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda universitet rektori Inom Madjidov ishtirok etib, stipendiya sovrindorlarini samimiy tabrikladi. U o‘z nutqida iqtidorli yoshlarning erishgan yutuqlarini yuksak baholab, bu natijalar ularning izlanuvchanligi, mehnatsevarligi va bilimga bo‘lgan intilishining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi. 

Shu bilan birga, mazkur stipendiya sohiblari mamlakatimiz ilm-fani va ta’lim tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, yuksak salohiyatga ega talabalar ekani alohida qayd etildi.

 

Marosimda stipendiatlarga diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi hamda ularning kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolindi.

Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlarini rag‘batlantirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar alohida e’tirof etildi.

Tadbir yakunida talabalar nomidan bildirilgan samimiy minnatdorlik so‘zlari marosimga ko‘tarinki ruh va iliq kayfiyat bag‘ishladi.

Ma’lumot o‘rnida, 2025/2026-o‘quv yili uchun Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bakalavriat bosqichining 19 nafar talabasi hamda magistratura bosqichining 4 nafar talabasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi va nomli davlat stipendiyalari sovrindori bo‘ldi. Jami 23 nafar

Bakalavriat bosqichi bo‘yicha taqsimot quyidagicha:

 Prezident stipendiyasi – 1 nafar, 

Navoiy nomli davlat stipendiyasi – 9 nafar, 

Ulug‘bek nomli davlat stipendiyasi – 4 nafar,

 Beruniy nomli davlat stipendiyasi – 2 nafar,

 Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi, Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi hamda Bobur nomli davlat stipendiyasi bo‘yicha – 1 nafardan talabani tashkil etadi.