Bugun Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Toshkent viloyati hokimi Mirzayev Zoir Toirovich ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi yuqori saviyada tashkil etildi.
Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirning asosiy maqsadi — bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar bilan ochiq muloqot orqali ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.



Tadbirni universitet rektori Madjidov Inom Urishevich ochib berdi. U o‘z so‘zida universitetda bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng Toshkent viloyati hokimi Mirzayev Zoir Toirovich so‘zga chiqib, hududda yoshlar bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va har bir bitiruvchiga munosib ish topish masalasi ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, amaliy va hayotiy ahamiyatga ega javoblar oldilar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, universitetda jami 1 289 nafar Toshkent viloyatida doimiy yashovchi bitiruvchi talabalar tahsil olmoqda. Shundan 1 200 nafari bakalavr, 89 nafari magistratura bosqichida ta’lim olmoqda.
Bugungi kunda ushbu bitiruvchilarning 624 nafarining bandligi ta’minlangan bo‘lib, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar o‘z samarasini bermoqda. Ayni tadbir doirasida yana 118 nafar bitiruvchiga Toshkent viloyatidagi korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilinganligi haqida sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, tadbir doirasida universitet va Toshkent viloyati hokimligi o‘rtasida talabalar amaliyotini tashkil etish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash hamda “Karyera kuni” mehnat yarmarkalarini muntazam o‘tkazishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hamkorlik yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning kasbiy rivojlanishi va hudud iqtisodiyoti uchun malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.