Prezidentimiz yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqotda Yangi O’zbekistonda yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash va ularga to‘g‘ri ta’lim-tarbiya berish masalalari haqida alohida to‘xtaldilar. Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni ham 2 karra ko‘payib, 4 ming nafardan oshganligi, mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylanganligi ta’kidlandi. Hozirgi kunda yurtimizda ilm-fan sohasida yosh fan doktorlari va falsafa doktorlarini yetishib chiqayotganligi, yoshlarda kitobxonlik madaniyatining yuksalgani haqida bir qator misollarni keltirish mumkin, albatta.
Yig‘ilishda yosh avlodda milliy ruhiyatni shakllantirish, g‘oyaviy xurujlar va zararli axborotlardan asrash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Tarbiyasi og‘ir bolalarga alohida mehr-e’tibor ko‘rsatish, hayotda o‘rnini topishiga ko‘maklashish zarurligi aytildi. Vatanparvarlik hissini kuchaytirish maqsadida 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Vatan tayanchi” harakati boshlandi. Unga 300 mingdan ziyod yoshlar qamrab olinganligi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Vatanparvarlik tuyg‘usi har bir insoning ichki tuyg‘ulari va amalga oshirayotgan mas’uliyatli faoliyati bilan bog‘liqdir. Vatanparvarlik Vatanga, o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyga muhabbat, xalqning tarixiy taqdiri bilan faxr-iftixor qilish bo‘lib, baynalmilallik va umuminsoniy birodarlik tuyg‘ulariga chambarchas bog‘liqdir.
Tadqiqotlar davomida vatanparvarlik tuyg‘usi vijdon uyg‘oqligi, fidoyilik, daxldorlik, el-yurtga sodiqlik, milliy g‘ururga egalik kabi hususiyatlarda namoyon bo‘ladi. Shuningdek, vatanparvarlikning mazmuni – vatanni anglash, vatanni sevish, vatan xizmatida bo‘lish, vatanparvarlik qadriyati – vatanga sadoqat, vatanni himoya qilish, vatanni obod qilish, vatanparvarlikning tarkibiy tuzilmasi – insonparavarlik, oilaparvarlik, yurtparvarlik kabi jihatlarda gavdalanadi.
Shu ma’noda, shu yurtni sevish, shu yurt sadoqat bilan xizmat qilish barchamizning eng buyuk vazifamizdir. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Vatanparvarlik tarbiyasi – bu faqat harbiy yoki taʼlim sohasi xodimlarining ishi emas. Bu – butun jamiyatning ishi”. Har bir inson vatanni sevishi bu azaliy qadriyatlarimiz timsolidir.
Jaloliddin Yusubov
falsafa fanlari doktori (DSc), dotsent,
“Ma’rifat” targ’ibtochilar jamiyati a’zosi