Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

«Yashil makon» loyihasi: O‘zMU tadqiqotchi talaba-yoshlari nigohida

Bugun O‘zbekiston Resoublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasi bilan hamkorlikda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Biologiya hamda Ekologiya fakultetlarining 36 nafar iqtidorli, tashabbuskor talaba-yoshlari mamlakat miqyosida e’lon qilingan "Yashil makon" umummilliy loyihasiga o‘z hissalarini qo‘shish, shuningdek, hududda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumaniga ilmiy ekspeditsiya safariga jo‘nab ketishdi.

Tashabbuskor talaba-yoshlar va tadqiqotchi professor-o‘qituvchilarni olis safarga Toshkent shahridagi Janubiy vokzaldan universitetning Birinchi prorektori -  Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Jabbor Muhammadiev boshchiligidagi yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat jamoasi kuzatib yuborishdi.

Xabaringiz bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.12.2021 yildagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-46-son Farmoni bilan butun mamlakat miqyosida "Yashil makon" umummilliy loyihasi e’lon qilingan edi. Loyiha mamlakatimizda daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan bo‘lib o‘z ichiga quyidagi amaliy ishlarni qamrab olgan:

• daraxtlarni ekish va parvarish qilish sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish;

• ilmiy yondashuvlar asosida hududlarning tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillarni amalga oshirish hamda buning natijasida hududlar kesimida respublika xaritasini ishlab chiqish;

• ko‘chatxonalar sonini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos xorijiy manzarali daraxtlarni mahalliylashtirish;

• hududlarda "yashil bog‘lar" va "yashil jamoat parklari"ni barpo etish;

• daraxtlarni sug‘orish tizimini qayta ko‘rib chiqish, uning samarali faoliyatini ta’minlash;

• har bir daraxtni parvarish qilish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarni belgilash, bu borada rag‘batlantirish mexanizmlarini keng joriy etish;

• daraxtlarni shikastlantirish va nobud qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, mazkur yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini yanada oshirish.

     Farmon bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi. Bunda belgilanishicha, moratoriy davrida amaldagi cheklov va majburiyatlar bilan birga qo‘shimcha ravishda huquqbuzarlarga:

• moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori besh baravarga;

• daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan o‘simlik dunyosiga etkazilgan zarar uchun undirish summalari ikki baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.

Moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarining "SHaffof qurilish" milliy axborot tizimidagi reyting bahosi bir pog‘ona pasaytiriladi. Bunda:

• reyting bahosi bir pog‘ona pasaytirilgan qurilish-pudrat tashkilotlari bir yil mobaynida reyting bahosini ko‘tarish imkonidan mahrum bo‘ladi;

• reyting bahosini bir pog‘onaga pasaytirish imkoni bo‘lmagan qurilish-pudrat tashkilotlari bir yil muddatga qurilish- pudrat tashkilotlari elektron reytingidan to‘liq chiqarib tashlanadi.

    Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilishni nazarda tutuvchi ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan hukumat farmoyishlari, bayonnomalar, yozma topshiriqlar, idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi  hokimiyat organlarining ko‘rsatmalari va qarorlarini qabul qilish qat’iyan taqiqlanadi. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2022-yil 1-apreldan boshlab shunday tartib o‘rnatilmoqda, unga muvofiq:

• aholi tomonidan IIV va Davlat ekologiya qo‘mitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;

• huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan BHMning 1 baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;

• rag‘batlantirish huquqbuzarlik bo‘yicha birinchi xabar bergan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi;

• huquqbuzarlik holati bo‘yicha fotosurat, videoyozuv va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

• rag‘batlantirish mablag‘lari undiriladigan jarimalarning tegishli organlar hisobida qoldiriladigan qismidan qoplab beriladi.

Farmon bilan shuningdek quyidagilar ham tasdiqlangan:

• 2022-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda "yashil bog‘lar"ni barpo etish dasturi;

• 2022-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yangi hamda madaniyat va istirohat bog‘lari negizida tashkil etilayotgan "yashil jamoat parklari" ro‘yxatlari;

• 2022-2026 yillarda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi ko‘kalamzorlashtirish hududlariga sug‘orish tizimlarini va suv chiqarish quduqlarini tashkil etish bo‘yicha dastur;

• 2022-2026 yillarda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini maxsus texnika va mexanizmlar bilan jihozlash parametrlari.

O‘zbekiston Milliy universitetining ilmiy ekspeditsiyasiga Biologiya fakulteti dekani, professor To‘xtasin Abduraxmonov hamda Ekologiya fakulteti dekani, dotsent Rustamjon Allaberdievlar rahbarlik qilishmoqda.

Ravshanjon Omonov,

O‘zMU Jurnalistika fakulteti

dekan o‘rinbosari, jurnalist