Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Yoshlar salomatligi va ongini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam

11-aprel kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV/OITS bo‘yicha Qo‘shma Dasturining (UNAIDS) O‘zbekistondagi mamlakat ofisi vakillari ishtirokida O‘zbekiston Milliy universitetida “OIV va OITS: ochiq muloqot” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv yoshlarni sog‘lom turmush tarziga undash, ularning ijtimoiy ongini oshirish va OIV/OITSga doir bilimlarini chuqurlashtirishga qaratilgan.

 

 

Uchrashuvda O‘zbekiston Milliy universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova o‘z nutqida sog‘liq va farovonlik har qanday taraqqiyotning asosi ekanligini ta’kidladi. U yoshlarning salomatligini ta’minlash nafaqat tibbiy masala, balki ta’lim va tarbiyaning ham ajralmas qismi ekanini aytib o‘tdi.

Shuningdek, universitet rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, xotin-qizlar masalalari maslahat kengashi raisi Ra’no Rustamova so‘zga chiqib, yoshlar orasida sog‘lom hayot tamoyillarini qaror toptirish muhimligini ta’kidladi.

“Yoshlarning sog‘lom hayot tarziga intilishi, bilimli va xabardor bo‘lishi, jamiyat barqaror rivojlanishining kafolatidir. OIV haqida ochiq va asosli muloqot yuritish orqali biz nafaqat yangi OIV holatlarini oldini olamiz, balki stigma va noto‘g‘ri tasavvurlarni kamaytirib, OIVga nisbatan mavjud bo‘lgan diskriminatsiyani bartaraf etishga erisha olamiz.”Dilnoza Sametdinova, UNAIDSning O‘zbekistondagi mamlakat ofisi vakili.

Tadbir 3 asosiy bosqichdan iborat bo‘ldi:

  • Ma’lumot sessiyasi – OIV va OITS nima ekanligi, ularning asosiy bosqichlari, yuqish yo‘llari, zamonaviy davolash usullari va profilaktika choralariga doir keng qamrovli ma’ruzalar taqdim etildi.
  • Interaktiv viktorina – Talabalar orasida OIV/OITSga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazuvchi qiziqarli savol-javob shaklida test tashkil qilindi. Bu, nafaqat bilimlarni oshirdi, balki muhim axborotlarni eslab qolishga yordam berdi.
  • Ochiq muloqot – Ishtirokchilar ekspertlar bilan bevosita muloqot qilish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish va jamiyatdagi stereotiplarga qarshi fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Mazkur tadbir BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror Rivojlanish Maqsadlaridan biri 3-maqsad “Sog‘lom hayotni ta’minlash va barcha yoshdagi insonlar farovonligini ilgari surish”ga bevosita xizmat qiladi. OIV/OITSga qarshi kurashish, aholining xabardorligini oshirish va sog‘liqni saqlash bo‘yicha zamonaviy profilaktika usullarini keng joriy etish mazkur maqsadning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Tadbir xalqaro hamkorlikda o‘tkazilgan bo‘lib, bu universitet va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi strategik sheriklikning yorqin namunasidir. UNAIDSning O‘zbekistondagi ofisi, O‘zMU strategik rivojlanish va xalqaro reyting bo‘limi hamda xotin-qizlar masalalari maslahat kengashi raisi bilan birgalikda bu tashabbusni amalga oshirdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga UNAIDS tashkiloti tomonidan tayyorlangan maxsus ko‘rgazmali materiallar va tavsiyalar taqdim etildi.

Ma’lumot uchun: OIV (Odam Immuniteti Tanqisligi Virusi) immunitet tizimini zaiflashtiradi, OITS esa ushbu virus ta’sirida rivojlanadigan kasallikning so‘nggi bosqichidir. Har kuni dunyo bo‘ylab minglab yangi OIV holatlari qayd etilmoqda, ammo zamonaviy terapiyalar bu holatlarni nazorat ostida saqlash imkonini beradi.