Zangiota tumani bitiruvchilari bilan manzilli uchrashuv o‘tkazildi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Toshkent viloyati Zangiota tumanida doimiy yashovchi bitiruvchi talabalar bilan manzilli uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur uchrashuvda Zangiota tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Ahadov boshchiligida tuman mutasaddi rahbarlari — tuman bandlik bo‘limi, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbarlari hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Uchrashuvdan asosiy maqsad — universitetni bitirayotgan, doimiy yashash manzili Zangiota tumanida bo‘lgan 53 nafar bitiruvchining bandligini ta’minlash, ularni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish va hozirdanoq aniq ish o‘rinlarini belgilab berishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida bitiruvchilarning mutaxassisligi, qiziqishlari va mehnat bozoridagi talabdan kelib chiqqan holda ularga mos ish o‘rinlari bo‘yicha takliflar bildirildi. Shu bilan birga, tadbir doirasida ish beruvchilar ishtirokida Workshop formatida amaliy muloqotlar ham tashkil etildi.

Uchrashuvda universitet tomonidan o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuxrat Toshmatov hamda Marketing va bitiruvchilar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Mansur Mamanazarov ishtirok etib, bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot formatlarini kengaytirish, workshop tadbirlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.

Mazkur tadbir Prezidentimiz tomonidan yoshlar bilan uchrashuvlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ayniqsa bitiruvchilar bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlardan biri hisoblanadi.