Sorbonne Nouvelle Paris III universiteti

Avval xabar berilganidek, Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan STEM fanlari yoʻnalishida dars berayotgan 25 nafar fransuz tili oʻqituvchilari mazkur davlatda malaka oshirib qaytish imkoniyatiga ega boʻldilar.

OʻzMU professor-oʻqituvchilaridan ham 5 nafari ushbu dasturda ishtirok etgan edi. Professor-oʻqituvchilarning loyiha doirasida malaka oshirganlaridan keyingi natija va koʻrsatgichlarni oʻrganish maqsadida Fransiyaning Oʻzbekistondagi taʼlim yoʻnalishida attashesi Serj Bellini, Sorbonne Nouvelle Paris III universiteti professorlari Jan-Klod Beakko hamda Brijit Baju OʻzMUga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida matematika, fizika, kimyo va biologiya yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalarning fransuz tili darajasi, elchixona tomonidan taqdim etilgan virtual qoʻllaniluvchi apparatdan foydalanilganlik holati va Fratsiyada orttirilgan tajribalar samaradorligi muhokama etildi.

Shuningdek, mazkur yoʻnalishda tahsil olayotgan talabalarga fransuz tili darajasini oshirish va keyingi mehnat faoliyati davomida mazkur til bilan erishish mumkin boʻlgan imkoniyatlardan xabardor qilish takliflari koʻrib chiqildi. Fikr-mulohazalar batafsil oʻrganilib, belgilangan rejalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga kelishildi.