Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Ustoz jurnalist Yusuf Hamdamov — 70 yoshda!

Bugun jurnalistika sohasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shgan tajribali pedagog, taniqli publisist Yusuf Hamdamov qutlug‘ 70 yoshni qarshi oldi.

Yusuf Hamdamov 1954-yil 27-mart kuni Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. 1978-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU), 1981-yilda Moskva davlat universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetida o‘qituvchi sifatida boshlagan, katta o‘qituvchi, dotsent lavozimlarida faoliyat yuritgan. Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy bo‘limida katta ekspert, Oliy attestatsiya komissiyasida bosh mutaxassis vazifasida ishlagan. 2000-yildan O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida dotsent lavozimida faoliyat olib borgan, 2024-yilning fevral oyidan shu universitetda professor vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelmoqda.

Jonkuyar va talabchan ustoz Y.Hamdamov talabalarga sifatli, mazmunli saboq berish bilan birga, “Zamon va mezon”, “Taraqqiyot mezoni”, “O‘zbekiston matbuoti rivojlanishining asosiy tamoyillari (nazariy kategoriyalar evolyutsiyasi)” monografiyalari, “Radiojurnalistika asoslari”, “Audiovizual jurnalistika” (“Radiojurnalistika asoslari” qismi) kabi o‘quv qo‘llanmalarini chop ettirgan, ilmiy maqolalari Germaniya, Shvetsiya, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlardagi nufuzli jurnallarda ham nashr qilingan. Respublikamiz ommaviy axborot vositalarida 400 dan ziyod publitsistik maqolalari chop etilgan.

Yusuf Hamdamov 2005-yilda “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. 2023-yilda “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.


O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi taniqli jurnalist Yusuf Hamdamovni tavallud ayyomi bilan samimiy qutlab, ustozga sihat-salomatlik, uzoq umr, ijodiy va kasbiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.