Oʻzbekiston Milliy universitetida navbatdagi Kengash yigʻilishi boʻlib oʻtdi

2026-yil 30-oktabr kuni Oʻzbekiston Milliy universitetida navbatdagi Universitet Kengashining yigʻilishi oʻtkazildi. Yigʻilishda universitetning oʻquv, ilmiy va tashkiliy faoliyatiga oid muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Dastlab kadrlar salohiyatini oshirish masalasi koʻrib chiqilib, 12 nafar talabgor, shu jumladan 4 nafar professor hamda 8 nafar dotsent ilmiy unvonlariga tavsiya etildi.

Shuningdek, yigʻilishda Universitet Kengashi tarkibiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish masalasi tasdiqlandi. Kun tartibi doirasida taʼlim sohasiga doir Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari, Prezident farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari, vazirlik topshiriqlari hamda fuqarolar murojaatlari ijrosining borishi atroflicha tahlil qilindi. Bundan tashqari, 2025/2026 oʻquv yili bitiruvchilarining bandligini taʼminlash hamda ularni ishga joylashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hisoboti koʻrib chiqildi.

Yigʻilish davomida universitet faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan bir qator meʼyoriy hujjatlar va tashkiliy masalalar ham atroflicha muhokama qilindi. Xususan, professor-oʻqituvchilarni ishga qabul qilish tartibi, kafedralar nizomlarini tasdiqlash hamda ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash tartiblari koʻrib chiqildi.

Shu bilan birga, Taʼlim sifati nazorati boʻlimi hamda fakultetlardagi taʼlim sifati komissiyalari faoliyatini tashkil etish boʻyicha nizomlar tasdiqlandi va professor-oʻqituvchilar tomonidan tayyorlangan oʻquv adabiyotlariga nashr guvohnomalarini berish masalalari koʻrib chiqildi. Yigʻilish yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.