2026-yil 28-oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida taniqli shoir, adib va jurnalistlar ishtirokida ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirni O‘zMU birinchi prorektori Tunis Hojiyev ochib berdi.
Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri, senator Sirojiddin Sayyid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, jurnalist Dadaxon Yoqubov, shoirlar Yahyoxon Fayoz va Shodi Otamurod, shuningdek, universitetning Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti dotsenti To‘lqin Eshbek ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar zamonaviy adabiy jarayonlar, badiiy tafakkur, milliy adabiyotning ma’naviy hayotdagi o‘rni hamda yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ijodkorlar o‘z asarlaridan namunalar o‘qib, talaba-yoshlar bilan samimiy muloqot qildilar, adabiyot va ijod borasidagi hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Mazmunli suhbat va ijodiy muloqot ruhida kechgan uchrashuv talaba-yoshlarning milliy adabiyotimizga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning badiiy didi va ijodiy tafakkurini rivojlantirish, shuningdek, taniqli adabiyot va san’at namoyandalari bilan bevosita muloqot qilishlari uchun imkoniyat yaratdi.
