Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

“Jurnalistika, ommaviy kommunikatsiyalar nazariyasi va amaliyotining dolzarb masalalari» mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi

O‘zbekiston Milliy universitetida Jurnalistika fakulteti professori, filologiya fanlari doktori, taniqli jurnalist, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi, ustoz Yusuf Hamdamov tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan «Jurnalistika, ommaviy kommunikatsiyalar nazariyasi va amaliyotining dolzarb masalalari» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy seminari  bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, faxriy jurnalistlar, shuningdek, mazkur sohada tadqiqot olib borayotgan professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Y.Hamdamov  tajribali pedagog, jonkuyar va talabchan ustoz sifatida  mamlakatimiz jurnalistikasi nufuzini oshirish uchun bilim va tajribalarini ishga solib kelayotgan fidoyi inson bo‘lib, jamoa o‘rtasida katta obro‘-e’tiborga ega. 2022-yil “O‘zbek matbuoti rivojlanishining asosiy tamoyillari, 1980-2013 yillar (nazariy kategoriyalar evolyusiyasi)” mavzuidagi 10.00.09 -Jurnalistika (filologiya fanlari) ixtisosligi bo‘yicha  dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo‘ldi. 2017-yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Ko‘p yillik samarali va halol mehnati hamda o‘z xizmat vazifasiga bo‘lgan sadoqati uchun”  Faxriy yorlig‘i, 2023 yil “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi granti sovrindori sifatida Malayziya, Germaniya, Fransiya, Gollandiya davlatlarining oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirib qaytgan va olgan tajribalarini bo‘lajak jurnalistlarga saboq berishda qo‘llamoqda

Hamdamov Yu.Q. talabalarga sifatli, mazmunli saboq berish bilan barobarida, uni “Zamon va mezon”, “Taraqqiyot mezoni”, “O‘zbekiston matbuoti rivojlanishinig asosiy tamoyillari (nazariy kategoriyalar evolyusiyasi)” monografiyalari, “Radiojurnalistika asoslari”, “Audiovizual jurnalistika” (“Radiojurnalistika asoslari”qismi) kabi o‘quv qo‘llanmalari nufuzli nashriyotlarda chop etilgan hamda   yuzdan ziyod ilmiy maqolalari Germaniya, Shvesiya, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlar hamda respublikamizning nufuzli ilmiy jurnallari va ilmiy to‘plamlarida bosilib chiqqan. Amaliyotchi radiojurnalist sifatida u 2007-yil respublika radiosining milliy istiqlol g‘oyasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan “Talqin” mualliflik eshittirishi uchun  Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazining “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni va esdalik  sovg‘alari bilan taqdirlangan. 1982-yildan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi. 

Yu.Q.Hamdamov jurnalistika nazariyasi bo‘yicha olim sifatida  O‘zbekiston matbuoti, radiosi, televideniyesi masalalariga oid fikr-mulohazalari bilan turli ommaviy axborot vositalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Uning respublika OAVlarida 400 dan ziyod maqolalari chop etilgan va 30 dan ortiq adabiyotlarning mas’ul muharriri bo‘lgan. Shuningdek, uning jurnalistika muammolari va ma’naviy-ma’rifiy mavzularga bag‘ishlangan va dolzarblik baxsh etgan maqolalari “O‘zMU xabarlari”,“Filologiya masalalari”, “Berdaq nomidagi Qoraqalpoq universiteti xabarnomasi”, “Sharq yulduzi”, “Guliston”,“O‘zbekiston matbuoti”, “Ijtimoiy fikr.Inson huquqlari”, “Til va adabiyot ta’limi”, “Gulxan” jurnallari, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Hurriyat”,“Ma’rifat”,“Kitob dunyosi”,“Tong yulduzi” gazetalarida muntazam tarzda chiqib turadi. Uning ilmiy rahbarligida  bir necha nafar tayanch doktorantlar va magistrlar dolzarb mavzularda ilmiy izlanishlar olib bormoqda. U ikki nafar (PhD) shogird tayyorlagan.

Hamdamov Yu.Q. 2005 yil “Ma’naviyat va ma’rifat, milliy qadriyatlarmizni radioeshittirishda targ‘ib etish” nominatsiyasi bo‘yicha   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Eng ulug‘, eng aziz – 2005” respublika ko‘rik tanlovi g‘olibi bo‘lib, 1-darajali diplom va  esdalik sovg‘alariga sazovor bo‘lgan.

Ushbu seminarda so‘z olganlar ustozning hayot va ijod yo‘lidagi yutuqlari,  ilmiy izlanishlarining ahamiyati jurnalistikaning kelajagi uchun juda yuqori ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.

O’zMU Axborot xizmati