Pekinning Renmin universiteti vitse-prezidenti Chji Syaotsyan boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘ldi. Xorijlik mehmonlar bilan O‘zMU rektori, professor Inom Madjidov uchrashib muloqot qildi.
Muloqotda Xitoyning “Bir yo‘l – bir makon» tashabbusi va Yangi O‘zbekiston – 2030 strategiyasini integratsiyalash bo‘yicha qo‘shma O‘zbek-Xitoy ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar Markazini tashkil etish hamda bu bo‘yicha ishlab chiqilgan Loyiha muhokama qilindi.
Xitoy universitetlari tajribasi asosida samarali boshqaruv usullari va texnologiyalarini o‘rganish, turli yo‘nalishlarda startap loyihalarni rivojlantirish, yosh tadqiqotchilar forumini o‘tkazish, O‘zbekistonning Xovos, Zomin, Arnasoy, Forish kabi hududlarida turizm imkoniyatlarini hamkorlikda rivojlantirish kabi vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan markaz kelgusida ikki davlat va ikki universitet o‘rtasida ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mazkur markazga O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan koordinator etib Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani Komil Inakov tayinlandi. Bidirilgan takliflar asosida loyihani boyitish va kengaytirishga kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zMU hamda Renmin universiteti bilan 2022-yilda memorandum imzolangan bo‘lib, hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar o‘quv jarayoniga taklif etilmoqda, talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilmoqda, hamkorlikda xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda.
O‘zMU Axborot xizmati