Yaqinda Olmaota shahrida “Ma’lumotlar jurnalistikasi barqaror rivojlanish uchun: maqsadlar, da’vatlar va Markaziy Osiyoda inson huquqlari” mavzuida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Anjumanda faol rivojlanayotgan yangi yo‘nalish – data jurnalistika bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari va Xitoy Xalq Respublikasi olimlari, ekspertlari, amaliyotchilar, shuningdek, jurnalistika fakultetlari talabalari ishtirok etdi.
Media trend sifatida ma’lumotlar jurnalistikasi yoki data jurnalistika barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun, ayniqsa, inson huquqlarini himoya qilish sohasida katta ahamiyatga ega. O‘zMU Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti tadqiqotchilari va talabalarining ma’ruzalarida O‘zbekistonda data jurnalistikaning shakllanishi, inson huquqlarini himoya qilishda data jurnalistika vositalaridan foydalanish masalalari yoritildi.
Qozog‘iston Respublikasi Fan va oliy ta’lim vaziri Sayasat Nurbek videoaloqa orqali tadbir ishtirokchilariga murojaatida ommaviy axborot vositalarining jamiyat oldida turgan muammolarni hal etishdagi o‘rni, voqealarni yoritishda jurnalist odob-axloq qoidalariga rioya qilishga alohida e’tibor qaratdi.
Xalqaro konferensiya davomida YUNESKOning Xalqaro kommunikatsiyalarni rivojlantirish dasturi ko‘magida chop etilgan talabalar, amaliyotchilar va tadqiqotchilarga m o‘ljallangan “Ma’lumotlar jurnalistikasi bo‘yicha kurs”ning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Mazkur o‘quv kursi Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston media sohasi olimlarining uch yillik hamkorlikdagi faoliyati samarasidir. Kitob hozirda Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining rasmiy tillariga tarjima qilinmoqda.