Yangi O‘zbekistonda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Darhaqiqat, o‘sib kelayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni jonajon Vatanimizning fidoyi farzandlari etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilgan.
Bugun O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “General va yoshlar” uchrashuvi ham ana shu maqsadlar asosiga qurilgan.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar, universitet qoshidagi Harbiy tayyorgarlik o’quv markazi kursantlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari, kursantlar hamda ommaviy axborot xizmati xodimlari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Majidov mamlakatimizda yoshlarning iqtidorlarini namoyon etish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, harbiy kasbning nufuzi va mas’uliyati xususida fikr bildirildi.
̶ Men siz yoshlar bilan bo‘ladigan har qanday uchrashuv va jonli muloqotlardan cheksiz kuch-quvvat va ko‘tarinki ruh olaman. Yoshlarning dilidagi maqsad va niyatlaridan xabardor bo‘lish, ularni katta-katta ishlarga safarbar etish uchun ana shunday uchrashuvlar juda zarur – deydi general-mayor Ravshan Haydarov.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Milliy universiteti talabalarining taklif va mulohazalari tinglandi, savollariga batafsil javob berildi.
Tadbir doirasida Akademiya va Universitet o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memarandumi imzolandi. Tashkilotchilar, faol ishtirokchilar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
O‘zMU Axborot xizmati