O‘zbekiston Milliy universiteti strategik rivojlantirish va xalqaro reyting bo’limi uslubchisi Oripov Alijon 2024-yil 25-27-noyabr kunlari “Erasmus capacity building” loyihasi doirasidagi yangi “IROconnect” dasturining ilk uchrashuvida ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuv Italiyadagi Chieti-Pescara universitetida bo‘lib o‘tdi va unda xalqaro aloqalarni mustahkamlash va universitetlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
“IROconnect” dasturi Italiya, Ispaniya, Ruminiya, Bolgariya, Moldova, Gruziya, Ukraina va boshqa bir qator mamlakat universitetlari o‘rtasida tajriba almashish, xalqaro loyihalarni boshqarishda yangi yondashuvlarni o‘zlashtirish hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.
Shuningdek, loyiha ishtirokchilari tashrifi davomida Italiya Respublikasining Pescara shahrida joylashgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini targ‘ib qilishga ixtisoslashgan markaz faoliyati bilan tanishtirildi. Ushbu markaz Pescara shahrining markazida joylashgan bo‘lib, u bir nechta xalqaro va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi. Markaz BRM bo‘yicha jamoatchilikni xabardor qilish, seminarlardan tortib madaniy tadbirlargacha bo‘lgan keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshiradi. Iqlim o‘zgarishi, energiya samaradorligi va resurslarni boshqarish bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi.
Pescara shahridagi ushbu markaz nafaqat barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surishda, balki turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar va talabalarning ilmiy va madaniy almashinuvi uchun maydon yaratishda muhim rol o‘ynaydi.
Uchrashuv so’ngida O‘zMU vakili universitetning xalqaro tajribasini taqdim etdi va o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha Chieti-Pescara universiteti xalqaro bo’lim xodimlari bilan fikr almashdi.
Xalqaro loyihaning ilk uchrashuvi to’g’risida mahalliy matbuot vakillari tayyorlagan reportaj.
O`zMU Xalqaro aloqalar bo’limi