Bugun, O‘zbekiston Milliy universitetida Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti rahbariyati ishtirokida 2025/2026-o‘quv yili uchun nomzodlarni saralab olish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zMU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashov kirish so‘zi bilan boshlab berib, OTMlar o‘rtasidagi o‘quv, innovatsion va ilmiy tadqiqot ishlarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari xususida to‘xtalib o‘tdi.
Institut boshlig‘i, texnika fanlari doktori, professor Baxtiyorjon Raximov O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari bilan muloqot qildi.
Talabalarga harbiy ta’lim tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar gapirilib, oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni qabul qilish tartibi, test imtihonlari, harbiy kadrlarni tayyorlash masalalari haqida ma’lumot berildi.
Muloqot shaklida o‘tkan uchrashuv doirasida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mas’ullardan batafsil javob olishdi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistondagi birinchi harbiy institut Mudofaa vazirligining davlat oliy harbiy ta’lim muassasasi bo‘lib, u oltita yo‘nalish bo‘yicha taktik bo‘g‘indagi ofiser kadrlarni ikki yillik tayyorlashni amalga oshiradi:
- aloqa qo‘shinlari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
- maxsus aloqa va davlat sirlarini muhofaza qilish taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
- axborot tizimlari va texnologiyalari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
- radioelektron razvedka va kurash taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
- havo hujumidan mudofaa radiotexnika qo‘shinlari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
- havo hujumidan mudofaa zenit-raketa qo‘shinlari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi
O‘zMU Axborot xizmati