Xabar berganimizdek, ayni kunlarda O‘zbekiston Milliy universiteti delegatsiyasi Shvetsiya mamlakatida bo‘lib turibdi. Shu yilning 18-fevral kuni universitet rektori Inom Majidov boshchiligidagi delegatsiya Qirollik texnologiya instituti (Shvetsiyada joylashgan KTH Royal Institute of Technology) vakillari bilan muhim uchrashuv o‘tkazdi.
KTH’ning Xalqaro aloqalar bo‘yicha vitse-prezidenti Stefan Ostlund hamda xalqaro aloqalar bo‘limining loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta maslahatchisi Viktor Kordas universitetimiz vakillari bilan muloqot qildi.
Uchrashuv mazmunli o‘tib, bir qator masalalar va istiqbolli mavzular muhokama qilindi. Xususan, ikki oliygoh o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, shuningdek, ikki tomonlama ta’lim dasturlari va xalqaro qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishib olindi.
Qirollik texnologiya instituti Yevropadagi yetakchi texnik va muhandislik universitetlaridan biri, shuningdek, intellektual qobiliyat va innovatsiyalar markazidir. QS WUR reytingida 74-o‘rinda, THE WUR reytingida esa 95-o‘rinda turadi.
O‘zMU Axborot xizmati