O‘zbekiston Milliy universiteti tashkilotchiligida Shvetsiyaning Stokgolm shahrida joylashgan konsert zalida O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda “Samarqand – ipak yo‘lining marvaridi” nomli madaniy tadbir tashkil etildi.
Mazkur yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda milliy davlatchiligimizning uch ming yillik tarixi, asriy an’ana va qadriyatalari, madaniy merosi targ‘ib qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti delegatsiyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston elchixonasi vakillari, Shvetsiyaning siyosiy va ishbilarmon, madaniy doira vakillari hamda Stokgolmda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar ishtirok etishdi.
O‘zbekistonning Shvetsiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmatulla Nurimbetov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi hamkorlik, ta’lim sohasidagi aloqalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov so‘zga chiqib, Samarqand shahrida ilk bor o‘tkazilishi reja qilingan YUNESKO Bosh konferensiyasining ahamiyati, nufuzli anjumanga tayyorgarlik jarayonlari hamda O‘zbekistonning boy madaniy merosi haqida so‘z yuritdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining maslahatchisi Farhod Fayzullayev O‘zbekistonning turistik salohiyati haqida taqdimot qildi. Shuningdek, “FreedomTravel” sayohat jurnali asoschilari, shvetsiyalik sayyohlar Piter va Helena Bergstrem O‘zbekistonga qilgan safar taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi.
Tadbirning badiiy-musiqiy qismida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandasi Asliddin Do‘stov boshchiligidagi sa’natkorlar hamda iqtidorli O‘zMU talabalari ijrosida YUNESKO butunjahon nomoddiy madaniy merosiga ro‘yxatiga kiritilgan o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari va raqslari mahorat bilan ijro etildi.
O‘zMU Axborot xizmati