Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universiteti hamda “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

2025-yilning 14-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlari bilan ochiq muloqotida oliygoh bitiruvchilari bandligini ta’minlashga qaratilgan muhim islohotlar ilgari surilgan edi. Davlatimiz rahbari tashabbusiga ko‘ra, Milliy bank tomonidan oliygoh bitiruvchilarining tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha “Kelajakka qadam” dasturiga start berildi.

Bugun, 28-fevral kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zMU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov hamda markaz direktori Elmurod Xoshimov o‘zaro hamkorlik masalalari doirasida fikr almashishdi.

Muloqotda O‘zMU bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashishga qaratilgan “Kelajakka qadam” Dasturini amalga oshirish bo‘yicha Markaz va universitet hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi.

Uchrashuv so‘ngida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv yosh mutaxassislarning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasini ta’minlash, ularning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish va ish beruvchilarning malakali kadrlar bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi.

O‘zMU Axborot xizmati