Vladimir Lvovich Kvint – iqtisod fanlari doktori, professor, akademik, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, Rossiya Federatsiyasi oliy ta’limining faxriy xodimi, jahonga mashhur iqtisodchi olim, strategiyalash nazariyasi va metodologiyasini shakllantirish hamda rivojlantirishning asoschilaridan biri hisoblanadi.
V.L. Kvint M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Moskva iqtisodiyot maktabining «Iqtisodiy va moliyaviy strategiya» kafedrasiga rahbarlik qiladi, shuningdek, Moskva davlat universiteti Murakkab tizimlarni matematik tadqiq etish instituti qoshidagi Strategik tadqiqotlar markazining direktori lavozimida faoliyat yuritadi.
Akademik V.L. Kvint Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va magistrantlar uchun «Barqaror sharoitlarda va favqulodda davrlarda strategiya va strategiyalash jarayonlarining roli» mavzusida ma’ruza o‘qidi.
Mazkur tadbirda MDU MIMning «Iqtisodiy va moliyaviy strategiya» kafedrasi mudiri o‘rinbosari, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent Alimuradov Murad Kamilovich ham ma’ruza qildi. Uning ma’ruzasi «Hududlar va korporatsiyalarning moliyaviy strategiyasi» mavzusiga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Milliy universiteti MDU bilan ko‘p yillik aloqalarga ega. Rossiyaning eng qadimgi universiteti O‘zbekiston uchun ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shgan.
2024-yilda O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakultetida yangi «Davlat va korporativ strategiyalar» kafedrasining ochilishi bunga yorqin misol bo‘ladi. Yangi kafedraning ilmiy rahbari Kvint V.L. hisoblanadi. Ushbu kafedrada kelajak strateglari uchun magistrlar tayyorlanmoqda.
Ma’lumot o’rnida, M.V. Lomonosov nomidagi MDU MIMning «Iqtisodiy va moliyaviy strategiya» kafedrasi bilan hamkorlikda 2025-yilning 29-31-oktyabr kunlari Toshkent va Navoiy shaharlarida Markaziy Osiyo Universitariumi o‘tkaziladi.
O’zMU Axborot xizmati