
NUU Public Talks seriyasining oltinchi sessiyasi atrof-muhit va sog‘liq muammolariga bag‘ishlangan bo‘lib, “Havo ifloslanishi va uning sog‘lig‘imizga ta’siri” mavzusida O‘zMU xorijiy filologiya fakulteti 1-bosqich talabasi Mekan Ibragimov bugungi seminarni olib bordi.
Ushbu sessiyada havoning ifloslanish manbalari, uning inson salomatligiga salbiy ta’siri va uni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Mekan Ibragimov ushbu mavzu yuzasidan shunday fikr bildirdi:
Biz havo ifloslanishini faqat ekologik muammo deb ko‘rmasligimiz kerak. Bu avlodlar salomatligi, iqtisodiy barqarorlik va umuman, hayot sifatiga bevosita ta’sir qiladi. Nafas olayotgan havomiz shunchalik iflos bo‘lsa, kelajak avlodning salomatligi qanday bo‘ladi?
Uning ta’kidlashicha, nafas olish yo‘llari kasalliklari, yurak-qon tomir muammolari va hatto ruhiy salomatlikka ham havo ifloslanishi salbiy ta’sir qiladi. Shuningdek, u bu muammoni hal qilish uchun yoshlar faolligini oshirish va ekologik onglilikni rivojlantirish zarurligini aytib o‘tdi.
Tadbir doirasida ushbu muammo yuzasidan Zarina Raxmonova, ekologiya bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi:
Havo ifloslanishi muammosini hal qilish uchun nafaqat hukumat, balki har birimiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Biz, yoshlar, atrof-muhitni asrash bo‘yicha real harakatlarni amalga oshirishimiz kerak. Agar biz o‘zimizga e’tibor bermasak, bu muammo faqat chuqurlashib boraveradi.
Shuningdek, ushbu NUU Public Talks tashabbuskori va strategik rivojlantirish va xalqaro reyting bo’lim boshlig’i Alijon Oripov quyidagi fikrni bildirdi:
Havo ifloslanishi nafaqat ekologik, balki ijtimoiy muammo hamdir. Rivojlangan davlatlarda bu borada ko‘plab innovatsion yechimlar qo‘llanilmoqda. Biz ham ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun xalqaro tajribadan o‘rganishimiz va bu borada o‘zimiz faol bo‘lishimiz zarur. Shu bilan birga, talabalar va professor-o‘qituvchilar orasida havo ifloslanishining salbiy ta’siri haqida xabardorlikni oshirish juda muhim. Biz avtomobillardan kamroq foydalanish, yashil hududlarni kengaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish va sanoat chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha harakat qilishimiz lozim.
Havo ifloslanishi bugungi kunda global ekologik muammolardan biri bo‘lib, uni hal qilish uchun keng qamrovli yondashuv zarur.
Keling, toza va yashil kelajak sari birga harakat qilaylik!
Strategik rivojlanish va xalqaro reytinglar bo‘limi
Xalqaro aloqalar bo’limi