Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Barqaror rivojlanish yo’lida hamkorlik: Seul universiteti hamda O’zMU

Bugun, 23-iyul kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Janubiy Koreyaning Seul universiteti turli sohalarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalari Kang Seung Yun, Park So Eun, Kim Ji Won, Lee Jae Hoon ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zMU xalqaro aloqalar bo’yicha prorektor Raima Shirinova, “Geografiya va geoinformatsion tizimlar” fakulteti dekani Shavkat Sharipov va professor-o‘qituvchilari hamda strategik rivojlantirish va xalqaro reytinglar bo‘limi boshlig’i Alijon Oripov ishtirok etdi.

Talabalar “TRUST – Tashkent Resilience Urban Strategy for Tomorrow” nomli Toshkent va Seul shaharlarining suv toshqinlariga qarshi barqarorlik strategiyasini rivojlantirishga qaratilgan loyiha ustida ishlayotganlari va buni ayni amaliyotlar ustida mustahkamlash istagi borligini bildirishdi.

Uchrashuv davomida fakultet dekani, professor Shavkat Sharipov o‘z fikrlarini bildirib, quyidagilarga alohida e’tibor qaratdi:

“Geografiya va geoinformatsion tizimlar fakultetida talabalarning amaliy tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda bizning talabalarimiz uchun Toshkent viloyatidagi “Chorvoq”, «Burchimulla» hamda «Oqsoqota» uchta asosiy dala-amaliyot bazalarimiz faoliyat olib bormoqda. Bu hududlarda biz iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlarini amalda o‘rganish imkoniyatiga egamiz. Afsuski, O‘zbekistonda ham iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda: ayrim hududlarda suv tanqisligi kuchaymoqda, ba’zilarda esa kuchli yomg‘irlar va toshqinlar kuzatilmoqda. Biz ushbu jarayonlarni ilmiy asosda tahlil qilish orqali barqaror yechimlar ishlab chiqish tarafdorimiz.”

Suhbat yakunida tomonlar talabalar almashinuvi va ilmiy hamkorlikni yo’lga qo’yish, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlari bo’yicha istiqbolli loyihalarni maqsadli tashkil etish zarurligini ta’kidladilar.