O‘zbekiston Milliy universitetida 15-17-aprel kunlari “Bilvosita tarjima: madaniyatlararo ikki tomonlama ko‘prik” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya o’tkazilmoqda.
Mazkur anjumanda Yevropa, Osiyo va Amerikadan kelgan, jami 19 ta davlat vakillari – olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassislar ishtirok etib, tarjimashunoslik, adabiyotshunoslik hamda lingvistikaning dolzarb masalalarini muhokama qilinmoqda.
Konferensiyada 80 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda. Jumladan, AQSh, Niderlandiya, Malta, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Shveytsariya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Polsha, Portugaliya, Irlandiya, Sloveniya, Yaponiya va Meksikadan tashrif buyurgan 30 nafardan ortiq xorijiy mutaxassislar, shuningdek, respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari vakillari faol ishtirok etdi.

Anjumanni O‘zbekiston Milliy universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Yoqub Ergashov ochib berdi. Shuningdek, Tarjima nazariyasi va qiyosiy tilshunoslik kafedrasi mudiri, professor Nilufar Sadullaeva, Malta universiteti professori Serhio Portelli, Shanghai International Studies University Tarjima va sinxron tarjima fakulteti dekani, professor Ailing Zhang hamda O‘zMU professori Abdimurod Mamatov kirish so‘zlari bilan chiqish qildi.
Ma’ruzachilar o‘z nutqlarida globallashuv sharoitida bilvosita tarjimaning ahamiyati ortib borayotganini ta’kidlab, ilmiy hamkorlik va fanlararo yondashuvni kuchaytirish zarurligini qayd etdilar.
Plenar majlisda nufuzli xalqaro olimlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Ular qatorida Barselona Avtonom universiteti vakili Maialen Marin-Lacarta, Shanghai International Studies University professori Hannelore Lee-Jahnke, Xalqaro Paremiologiya assotsiatsiyasi a’zosi Rui Soares, Koszalin texnologiya universiteti professori Izabela Dixon hamda Francophonia fondi vakili Anne-Marie Pauleau bor.
Ma’ruzalarda paremiologiya, sun’iy intellekt yordamida tarjima, bikultural vositachilik va badiiy tarjima amaliyoti kabi zamonaviy ilmiy yo‘nalishlar keng yoritildi.