Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi vakillari ishtirokida professor-o‘qituvchilar, magistrantlar va talabalar uchun seminar-trening tashkil etildi. Tadbir “Ixtiro talabnomasida analog va eng yaqin analog tushunchasi” hamda “Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi” mavzulariga bag‘ishlandi.
Seminarni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori ochib berdi. U o‘z nutqida intellektual mulk obyektlariga talabnoma topshirish jarayonida uchrayotgan dolzarb muammolar, xatolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda kelgusidagi rejalar va tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.

Tadbir davomida “Intellektual mulk markazi” mutaxassislari tomonidan soha bo‘yicha muhim tushuntirishlar berildi. Xususan, Dildora Rasulova bunday seminarlarning ilmiy jamoatchilik orasida intellektual mulk bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishdagi ahamiyatini ta’kidladi. U intellektual mulk obyektlarini to‘g‘ri rasmiylashtirish innovatsion faoliyatni rivojlantirishda muhim omil ekanini qayd etdi.
Shuningdek, Ikrom Abduqodirov tomonidan ixtiro va foydali modellar bo‘yicha talabnomalar topshirishda uchraydigan texnik va huquqiy xatolar, ularni oldini olish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbirda mualliflik huquqi obyektlariga oid hujjatlarni rasmiylashtirish, elektron nazorat nusxalarini topshirish tartibi ham muhokama qilindi.
Seminar davomida intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirish masalalari ham muhim o‘rin egalladi. Shuhrat Cho‘tbayev ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, ularni litsenziyalash, texnologiyalar transferi hamda startap loyihalar orqali bozorga olib chiqish yo‘llari haqida batafsil tushuntirish berdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan seminar-trening ilmiy xodimlar va talabalar uchun foydali bo‘lib, intellektual mulk sohasida bilimlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.