Bugun, 22-aprel kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga Xitoy Xalq Respublikasining Qingdao universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Mehmonlarni O‘zMU prorektorlari Ravshan Musurmanov va Komil Inakov hamda sohaviy bo‘lim boshliqlari qabul qildi. Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekiston Milliy universiteti, Qingdao universiteti hamda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumini imzolashdan iborat bo‘ldi.

Muzokaralar davomida akademik mobillik, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Xitoylik hamkorlar “Xitoy hukumati granti” va “Universitet Prezidenti granti” kabi dasturlar orqali ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
O‘zMU prorektori R. Musurmanov mazkur kelishuv ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi. Tadbir yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.