O‘zbekiston Milliy universitetida yakuniy nazorat imtihonlari boshlanmoqda

12-may sanasidan boshlab belgilangan jadval asosida barcha fakultet va ta’lim yo‘nalishlarida yakuniy nazorat imtihonlari boshlanadi.

Yakuniy nazoratlar 2025/2026-o‘quv yilida universitetga 1-kursga qabul qilingan hamda 2-kurs kunduzgi ta’lim shakli (boshqa ta’lim shakllari uchun zaruratdan kelib chiqib) talabalari uchun test hamda yozma shaklda (shifrlash orqali) amalga oshiriladi.

Kunduzgi ta’lim shakli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari birinchi va ikkinchi kurs talabalari hamda magistratura mutaxassisliklari birinchi kurs talabalari uchun yakuniy nazoratlar quyidagi tartibda o‘tkaziladi:

  • – talabalar yakuniy nazorat imtihonlariga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID karta, talabalik guvohnomasi) ko‘rsatilgandan so‘ng kiritiladi;
  • – yakuniy nazorat imtihonlari vaqtida talabalarning auditoriyadan chiqishi ta’qiqlanadi va auditoriyadan chiqqan talabalar ushbu imtihonga qayta qo‘yilmaydi;
  • – imtihon jadvalida belgilangan imtihon vaqti rasman boshlangandan so‘ng kechikib kelgan talabalar imtihonda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi;
  • – yakuniy nazorat imtihonlariga talabalar tomonidan turli xil vositalar, jumladan, uyali aloqa vositalari, mikro quloqchin, smart-soat, kompyuter hamda ko‘chirmachilikka sabab bo‘ladigan har qanday vositalarni olib kirilishi va foydalanilishi qat’iyan ta’qiqlanadi.

Mazkur (shu jumladan universitetning ichki idoraviy hujjatlarida belgilangan boshqa tartiblarni buzish holatlari) holatlar aniqlanganda, talaba imtihondan chetlashtiriladi. Ushbu holat imtihon jarayonlari yakunlangandan so‘ng aniqlangan (kuzatuv kamerlaridagi tasvirlar orqali aniqlanganda) taqdirda talabaning imtihon natijasi bekor qilinadi;

  • – yakuniy nazorat imtihoni savollarining 40-50 foizi bevosita auditoriyada o‘tilgan mavzular bo‘yicha, 50-60 foizi mustaqil ta’lim mavzularidan iborat bo‘lishi mumkin;
  • – test shaklida o‘tkaziladigan yakuniy nazorat imtihonida bitta fan uchun 50 ta savol va har bir savol uchun 1,5 daqiqa vaqt belgilanadi. Har bir savol 2 foizni tashkil etadi, jami 50 ta savolga eng yuqori 100 foiz olish mumkin. 60 foizdan kam natijaga erishganlar qoniqarsiz baholanadi;
  • – yozma shaklida o‘tkaziladigan yakuniy nazorat imtihonida fan uchun 80 daqiqa vaqt belgilanadi. Yozma ishni baholash har bir fan bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturida (sillabus) belgilangan baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi;
  • – yozma shaklida o‘tkaziladigan Yakuniy nazorat imtihonida berilgan savollarga talabalarning bergan javoblari shifrlanadi, keyin baholovchi professor-o‘qituvchilarga taqdim etiladi;
  • – reyting qaydnomasini yakuniy nazorat kunidan boshlab reglament bo‘yicha 5 kun ichida barcha baholarni to‘liq qo‘yib bir marta saqlash amalga oshiriladi. Saqlangandan so‘ng qaydnoma to‘liq bloklanadi va baholarni o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • – talaba yakuniy nazorat imtihoni natijasi bilan HEMIS axborot tizimidagi o‘zining shaxsiy kabineti orqali tanishishi mumkin;
  • – talaba yozma imtihonlar bo‘yicha baholash mezonlari bilan har bir fan bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturi (sillabus) orqali tanishish mumkin;
  • – talaba qo‘yilgan bahodan norozi bo‘lgan taqdirda, yakuniy nazorat imtihoni natijalari HEMIS axborot tizimida qayd qilingandan so‘ng 24 soat davomida fakultet dekani nomiga apellyatsiya shikoyatini berishi mumkin;
  • – test sinovlari natijasi talabaning imzosi orqali nazoratchi tomonidan qayd qilinadi.

Kunduzgi ta’lim shakli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari birinchi kurs talabalari uchun yozma shaklda o‘tkaziladigan yakuniy nazoratlar O‘zMU Sport majmuasida o‘tkaziladi. Yakuniy nazorat jarayonlarning shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida onlayn https://live.nuu.uz/ sayti orqali translyatsiya qilib boriladi.

Ma’lumot o‘rnida, yakuniy nazoratlar bakalavr (kunduzgi va kechki) hamda magistratura bosqichi talabalari uchun 23-mayga qadar bo‘lib o‘tadi.

Olmazor tumani, Universitet ko’chasi, O’zbekiston Milliy universiteti Sport majmuasi