O‘zbekiston Milliy universiteti tashkil topganligining 108 yilligi munosabati bilan Tarix fakulteti “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” kafedrasi tomonidan “Markaziy Osiyo davlatlari tarixi va hozirgi zamon” mavzusida iqtidorli talabalarning respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi. Mazkur anjuman yosh tadqiqotchilar, talabalar va magistrantlarning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning tarix faniga oid ilmiy izlanishlarini keng jamoatchilikka taqdim etish maqsadida o‘tkazildi.
Konferensiyaning ochilish marosimida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Yoqub Ergashov hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi rahbari Abdumalik Akramov so‘zga chiqib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi va konferensiyani rasman ochib berdi.

Anjumanda mamlakatimizning turli oliy ta’lim muassasalaridan kelgan talabalar va magistrantlar Markaziy Osiyo tarixi, mustaqillik g‘oyalari, jadidchilik harakati, milliy qadriyatlar transformatsiyasi, tarixiy-demografik jarayonlar hamda mintaqa taraqqiyotiga oid dolzarb mavzularda ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Tadbir davomida tarixiy merosni o‘rganish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ilmiy-amaliy anjuman yakunida faol ishtirokchilar va eng yaxshi ma’ruzalar mualliflari taqdirlandi. Tadbir yosh olim va tadqiqotchilar uchun o‘zaro tajriba almashish, ilmiy fikr-mulohazalarni muhokama qilish hamda yangi ilmiy tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.