“Ilmli ayol – kuchli jamiyat” mavzusida xotin-qizlar ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 11-iyun kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “Ilmli ayol – kuchli jamiyat” mavzusida xotin-qizlar ta’lim forumi tashkil etildi.

Forumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Gulshana Berdinazarova Xudoyarova, Hilolaxon Karimjanovna Yusupova va Madina Xasanovna Baratova, shuningdek Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Sevara Rustamovna Xashimova ishtirok etdi. Tadbirni universitetning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Ra’no Rustamova olib bordi.

Forum ochilishida so‘zga chiqqan ma’ruzachilar jamiyat taraqqiyotida ayollarning o‘rni, ularning ilm-fan va ta’lim sohasidagi faolligini oshirish hamda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Natijada oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlar soni ortib, ilmiy izlanishlar olib borayotgan, innovatsion g‘oyalar yaratib, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan ayollar safi kengayib bormoqda.

Forum davomida ilmli ayol — oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi va jamiyat rivojining muhim omili ekani alohida qayd etildi. Ishtirokchilar ilmli onalar kelajak avlodning ma’naviy va intellektual salohiyatini belgilab berishini ta’kidladilar.

Shuningdek, tadbirda xotin-qizlarning ilm olishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va jamiyat hayotidagi faolligini kuchaytirish bo‘yicha fikr va takliflar bildirildi.

Forum yakunida ilmli va faol ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash mamlakat taraqqiyotining muhim omili ekani qayd etildi.