
Prezidentimizning tegishli farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya va ekologiya fakulteti Tuproqshunoslik kafedrasi professori, biologiya fanlari doktori, taniqli olima Gafurova Lazizaxon Akramovna “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Ushbu yuksak va sharafli mukofot bilan Lazizaxon Akramovnani ko‘p ming sonli O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi nomidan samimiy va qizg‘in tabriklaymiz! Mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli va xayrli faoliyatingizda cheksiz muvaffaqiyatlar, kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar doimiy hamroh bo‘lishini tilaymiz.
Lazizaxon Akramovna mamlakatimiz tuproqshunoslik fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan, O‘zbekistonda bu soha bo‘yicha birinchi tuproqshunos-ayol biologiya fanlari doktori hisoblanadi. 1978-yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) imtiyozli diplom bilan tugatgan olima o‘z mehnat faoliyatini Toshkent davlat agrar universiteti Tuproqshunoslik kafedrasida laborantlikdan boshlab, assistent, dotsent, professor, kafedra mudiri hamda ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimlarigacha bo‘lgan sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. 2011-yildan buyon u O‘zbekiston Milliy universitetining “AgroEkoBiotexnologiya” ilmiy markazi rahbari hamda Tuproqshunoslik kafedrasi professori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Lazizaxon Gafurova tuproqlar genezisi, evolutsiyasi, biologiyasi, kimyosi va ekologiyasi sohalarida o‘zining yirik ilmiy maktabini yaratgan mashhur olimadir. Uning qalamiga mansub 500 dan ortiq ilmiy asarlar, jumladan, 28 ta monografiya (shundan 21 tasi xorijiy risola va tavsiyanomalar), 4 ta atlas, Intellektual mulk agentligining 17 ta guvohnomasi hamda 18 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan. Ayniqsa, u hammualliflik qilgan “ГИС технологии в почвоведении” darsligi “MDUning Klassik darsligi” (Серия — Классический университетский учебник) yuksak maqomiga sazovor bo‘lgan. Olimaning ilm-fan yo‘lidagi ulkan xizmatlari xalqaro miqyosda ham e’tirof etilib, 2022-yilda Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi (haqiqiy a’zosi) etib saylandi.
Lazizaxon Akramovnaning yosh avlodni tarbiyalash borasidagi xizmatlari alohida tahsinga loyiqdir. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni (1999) sohibasi sifatida u “ustoz-shogird” tizimini joriy etishga, talabalarga tuproqshunoslikning nazariy va amaliy ko‘nikmalarini chuqur o‘rgatishga bor kuch va bilimini safarbar etib kelmoqda. Olima rahbarligida 22 ta nomzodlik (PhD) va 5 ta doktorlik (DSc) dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi. Uning rahbarligida tahsil olgan va ilmiy ish olib borgan o‘nlab shogirdlari respublika va xalqaro miqyosdagi nufuzli mukofotlar hamda tanlovlar g‘olibiga aylanishdi: G.Jalilova (O‘zbekiston Prezidenti Davlat stipendiyasi sohibasi), E.Ablaeva va S.Murodova (Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari), O.Ergasheva va D.Maxkamova (“Vatanim taraqqiyotiga — mening hissam” tanlovi g‘oliblari), D.Egamberdieva (UNESCO-L’Oreal xalqaro mukofoti sovrindori), Sh.Begmatov (Qozon shahridagi xalqaro “Science Light” tanlovi g‘olibi) va boshqalar.
Olimaning tashabbusi bilan O‘zMU tarkibida bir qancha innovatsion tuzilmalar, jumladan, “AgroEkoBiotexnologiya” ilmiy markazi, Tuproqshunoslik axborot-resurs markazi, Tuproqshunoslikda GAT markazi, Vermi markaz va “Tuproq-o‘simlik-mikroorganizm” laboratoriyasi tashkil etildi. U ilm va amaliyot integratsiyasini rivojlantirish maqsadida 60 dan ortiq respublika va xalqaro seminarlar, konferensiyalar, “dala kunlari” va “fermer kunlari” tashkil etib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi samaradorligini oshirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda.
U O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi ekspert kengashi a’zosi, OAKning “Biologiya” fanlari bo‘yicha ekspert kengashi raisi, O‘zbekiston Ekologik partyasi Markaziy kengashi a’zosi, shuningdek, respublika xotin-qizlar “Olima” uyushmasi boshqaruvi a’zosi sifatida faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, u 2000-2020-yillarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Toshkent viloyati mintaqaviy vakili bo‘lgan hamda Global Tuproqshunoslar hamkorligi (GSP), Sho‘rlangan tuproqlar xalqaro tizimi (INSAS), Xalqaro Ekologiya akademiyasi, Xalqaro Oziq-ovqat xavfsizligi akademiyasi kabi nufuzli xalqaro ilmiy hamjamiyatlarning haqiqiy a’zosi (akademigi) hisoblanadi.
Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlarni samarali amalga oshirish, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish, yoshlarimizni ona yurtga muhabbat va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan xizmatlaringizni yuksak qadrlaymiz. Ushbu nufuzli “Do‘stlik” ordeni Sizning mashaqqatli va sharafli yo‘lingizdagi navbatdagi ulkan va munosib e’tiroflardan biri bo‘ldi.
Yana bir bor e’tirof muborak bo’lsin, muhtaram professor!
Hurmat bilan,
O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi