Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati muhokama qilindi

Bugun O‘zbekiston Milliy universitetida ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar raislari va kotiblari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Universitet rektori Inom Madjidov yig‘ilganlar bilan soha faoliyatiga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi. Xususan, ilmiy kengashlarning joriy faoliyati, erishilgan natijalar, mavjud muammolar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar atroflicha tahlil qilindi.

Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PF-98-son Farmoni asosida 2027-yilda ilmiy kengashlar faoliyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan o‘zgarishlar hamda talabgorlarning ularga tayyorgarlik darajasi muhokama markazida bo‘ldi.

Xususan, yil yakuniga qadar sifatli tayyorlangan dissertatsiya ishlarini ekspertizadan o‘tkazish va himoyaga olib chiqish jarayonlarini samarali tashkil etish hamda jadallashtirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Shuningdek, ilmiy kengashlar faoliyatida akademik halollik, shaffoflik va xolislik tamoyillariga qat’iy rioya etish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, kengashlar faoliyatida uchrayotgan ayrim muammolar, ularning kelib chiqish sabablari va bartaraf etish yo‘llari yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.