Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Markaziy Osiyoda diasporalar tarixi va hozirgi zamon” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman universitet Tarix fakultetining “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” kafedrasi hamda “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik” ilmiy markazi tomonidan tashkil etildi. Unda Markaziy Osiyoda diasporalarning shakllanish tarixi, bugungi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi o‘rni va millatlararo munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi globallashuv sharoitida xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, konferensiyada Markaziy Osiyoda diasporalarning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan tarixiy omillar, migratsiya jarayonlari, diasporalarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli hamda mintaqaviy xavfsizlikka ta’siri yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, mintaqa davlatlarining diaspora siyosati, integratsiya jarayonlari, madaniy aloqalar, ta’lim va milliy o‘zlikni anglash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Anjumanda O‘zbekistonning taniqli olimlari bilan bir qatorda Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Fransiyadan kelgan olimlar ham ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z ilmiy qarashlari va tadqiqot natijalarini taqdim etdilar. Muhokamalar davomida diasporalarni o‘rganishning tarixiy va zamonaviy yondashuvlari, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish hamda millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Milliy universitetida bir necha yildan buyon millatlararo munosabatlar va ijtimoiy-ma’naviy hayotda bag‘rikenglik tamoyilining o‘rnini o‘rganishga qaratilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etib kelinmoqda. Mazkur konferensiya ham Markaziy Osiyo xalqlari va diasporalari tarixini chuqur o‘rganish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqada millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashga xizmat qildi. Anjuman doirasida muhokama qilingan masalalar va ilmiy ma’ruzalar asosida materiallar tayyorlanib, ulardan kelgusidagi ilmiy tadqiqotlar va amaliy faoliyatda foydalanish belgilandi.
