2026-yil 29-oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakultetida Litvaning Vilnyus universiteti olimlari Dr. Marija Vastake va Dr. Neringa Grigutyte ishtirokida ilmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Ijtimoiy fanlar fakulteti dekanati vakillari, Psixologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari qatnashdi.
Uchrashuvda “Ijtimoiy fanlarni o‘qitishda xalqaro tajriba” mavzusi yuzasidan fikr almashildi. Xususan, zamonaviy ta’lim yondashuvlari, xorijiy universitetlarda qo‘llanilayotgan pedagogik tajribalar va ularni o‘quv jarayoniga tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, psixoterapevtik superviziya jarayonidagi kasbiy munosabatlarni madaniyatlararo o‘rganish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Supervizor va psixoterapevt o‘rtasidagi hamkorlik, madaniy omillarning ushbu jarayonga ta’siri hamda mutaxassislarning madaniyatlararo kompetensiyalarini rivojlantirish yuzasidan ilmiy qarashlar bildirildi.
Muloqot davomida ikki universitet olimlari o‘rtasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, akademik almashinuvni kengaytirish, psixologiya ta’limi va amaliyotida ilg‘or xalqaro tajribadan foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
