RASMIY MUNOSABAT

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Milliy universiteti magistratura bosqichida tahsil oluvchi talabaning ijara to‘lovini qoplab berish bilan bog‘liq murojaati yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Avvalo, talabalarning turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish universitet rahbariyatining doimiy e’tiborida ekanini ta’kidlaymiz.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ijara huquqi asosida yashayotgan talabalarga ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish ularning talabalar turar joyi bilan ta’minlanganlik holati, ta’lim shakli hamda belgilangan boshqa talablar asosida amalga oshiriladi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglamentga muvofiq, talabalarni turar joyga joylashtirishda bakalavriat bosqichi talabalariga ustuvorlik beriladi. Bakalavriat talabalarining turar joyga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirilmaguncha magistratura va doktorantura bosqichi talabalarini yotoqxonaga joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, ijara to‘lovlarini qoplab berish mexanizmi talabalar turar joyidagi mavjud bo‘sh o‘rinlar bilan bevosita bog‘liq. Universitet TTJlarida hatto bitta bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan taqdirda ham, belgilangan tartibga ko‘ra, ijara xonadonida yashayotgan talabaning ijara to‘lovini qoplab berish uchun ariza qabul qilish imkoniyati yuzaga kelmaydi.

Bu yerda yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozim: talabalar turar joylaridagi o‘rinlar soni yil davomida o‘zgarib turadi. Xususan, ayrim talabalar o‘qishini davom ettirish, yashash joyini o‘zgartirish yoki boshqa sabablarga ko‘ra TTJdan chiqishi, ularning o‘rniga esa boshqa talabalar joylashtirilishi mumkin. Shu jarayonlar oralig‘ida vaqtinchalik bo‘sh o‘rinlar paydo bo‘ladi. Ushbu o‘rinlarga esa talabalar my.gov.uz platformasi orqali yuborgan arizalarining ketma-ketligiga asosan joylashtiriladi.

Universitet har bir talabaning murojaatiga befarq emas. Mazkur holat bo‘yicha talabaning vaziyati belgilangan tartibda o‘rganilib, mavjud imkoniyatlar doirasida tushuntirish beriladi va qonuniy yechim topishga ko‘maklashiladi.

Yuqoridagi vaziyat bilan bog‘liq masala yuzaga kelgan taqdirda, talabalar darhol Talabalarni ijara xonadonlari bilan ta’minlash bo‘limiga murojaat qilishlarini eslatib o‘tamiz.

O‘zbekiston Milliy universiteti talabalarning manfaatlarini himoya qilish, ularning ta’lim olishi va munosib sharoitlarda yashashi uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish borasidagi faoliyatini izchil davom ettiradi.

 

O‘zMU Axborot xizmati