Joriy yilning 28-iyun kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida xalqimizning sevimli adibi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, shoir-yozuvchilar, universitetning professor-o‘qituvchilari, adibning yaqinlari, shogirdlari va iqtidorli talabalar ishtirok etgan anjumanda so‘zga chiqqanlar O‘tkir Hoshimovning serqirra ijodi, mazmunli hayot yo’li, adib bilan bog‘liq xotiralari, betakror ijod namunalari haqida gapirdi.
– So‘nggi yillarda yurtimizda adabiyot sohasiga katta eʼtibor qaratilmoqda. O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligi keng miqyosda nishonlanayotgani ham buning isbotidir. Ijodkorlik – bu buyuk qismat. Ijodkor to‘xtamay mehnat qilishi, o‘qishi, o‘z ustida izlanishi va atrofni kuzatishi kerak. Shundagina ijodkor barkamol bo‘lib shakllanadi. Adibning sara asarlari ham shunday zahmatli mehnatning hosilidir, – deydi yozuvchining ayoli O‘lmasxon aya Hoshimova.
O‘zbekiston Respublikasi Sanʼat arbobi, adabiyotshunos olim va tarjimon Ibrohim G‘ofurovning «Yozuvchi va kitobxon», Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyevning «Yetti mo‘jizadan so‘ng», Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Adabiyot o‘qitish metodikasi kafedrasi professori Qozoqboy Yo’ldoshyevning «Ko‘ngildan joy olgan yozuvchi», O’zMU Jurnalistika fakulteti dekani, dotsent Mahliyo Mirsoatovaning «Nigohi o’tkir adib” kabi mavzulardagi maʼruzalari, xotiralari barchada birday qiziqish uyg‘otdi, yozuvchi ijodiga yuksak baho berildi. Bundan tashqari, anjuman davomida «O‘tkir Hoshimov zamondoshlari xotirasida» kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Adibning betakror ijodi, o‘zbek adabiyoti rivojida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi.
O‘zMU Axborot xizmati