Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Akademik va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universitetida Matematika fakulteti va O‘zbekiston matematika jamiyati hamkorligida O‘zbekiston fanlar akademiyasi akademigi O‘tkir Roziqov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda fakultetning yosh o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar va iqtidorli talabalar hamda  V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti ilmiy xodimlari va yosh tadqiqotchilari ishtirok etdi.

Fakultet dekani, professor Obidjon Zikirov akademik O‘.A.Roziqovning ilmiy, ilmiy-pedagogik faoliyati haqida qisqacha axborot berdi, olimning oxirgi yillarda erishgan yutuqlari bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘.Roziqov 2017-yilda turkum ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Birinchi darajali davlat mukofotiga sazavor bo‘lgan. Shu yili “Springer Nature TopAuthor” xalqaro mukofoti bilan taqdirlangan. Butunjahon Fanlar akademiyasi (TWAS)  akademigi (2018-yildan), O‘zbekiston fanlar akademiyasi akademigi (2023-yildan) etib saylangan.

2023-yilda Turk Dunyosi Matematika Jamiyatining (TWMS)  “Matematikani rivojlantirishda qo‘shgan salmoqli hissasi uchun” medali va diplomi bilan taqdirlangan.

Uchrashuvda akademik O‘.Roziqov “Matematikaning inson hayotidagi o‘rni” mavzusida ma’ruza qildi. Anjuman yakunida Xalqaro olimpiadalar va nomdor stipendiyalar tanlovi g‘oliblari O‘zMU rahbariyatining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

O‘zMU Axborot xizmati