Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

BAYROG‘IMIZ – MILLATIMIZ IFTIXORI

Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Birinchi Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, ozod O‘zbekiston fuqarolari uchun mustaqillikning muqaddas ramzlari – Davlat gerbi, Davlat bayrog‘i, Davlat madhiyasi azizdir. Ular ma’naviyatning eng muhim timsollaridir. Shu bois, bayrog‘imiz yoki gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruxan jo‘shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usini his etamiz.

2021 yil 16 noyabr kuni O‘zMU Ijtimoiy fanlar fakulteti “Falsafa va ma’naviyat asoslari” kafedrasi tashabbusi bilan 5-talabalar turar joyida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan “Bayrog‘imiz – millatimiz iftixori!” mavzuidagi madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Ijtimoiy fanlar fakulteti dekan muovini Oybek Musurmonqulov, "Falsafa va ma’naviyat asoslari" kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda 5-talabalar turar joyi talabalari qatnashishdi.

Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lib kelgan. Tadbir ishtirokchilariga ushbu timsollarni aks ettirgan video rolik namoyish etildi. O‘zbekiston bayrog‘i bizni ulug‘ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mash’ala ekanligi, davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanishini hammamiz yaxshi bilamiz.

Hozirgi kunda yer yuzida ikki yuzi ellikka yaqin davlatlar bor va albatta, har bir davlatning o‘z ramzlari, bayrog‘i bor. Har bir bayroq ayricha rang va timsollarga ega. Ular bilan yonma-yon balqib turgan bayrog‘imiz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni ko‘rsatib turadi.                                                                              

Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz, ayniqsa, yosh avlod yodda tutishi maqsadga muvofiqdir.

O‘zMU Axborot xizmati