Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Biologiya fakultetida ish beruvchi tashkilot hamda bitiruvchi talabalar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 6-may kuni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Biologiya fakultetida Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi boʻlim boshliqlari va yetakchi mutaxassislari bilan Biologiya fakulteti bitiruvchi yoshlari ishtirokida karyera kuni munosabati bilan uchrashuv tashkil etildi. 

Ushbu uchrashuvning asosiy maqsadi iqtidorli yoshlarni ishga taklif etishga qaratilgan boʻlib, uchrashuvda 100 dan ortiq bitiruvchi yoshlar ishtirok etdi. Uchrashuvda agentlikning tadbirkorlar bilan ishlash boʻlim boshligʻi Azizbek Hamdamov va sinov laboratoriyasi boshligʻi Abdubosiq Tolipovlar  soʻzga chiqib tashkilot va uning asosiy faoliyati, tuzilmasi, laboratoriyalar boʻyicha batafsil maʼlumot berib oʻtishdi.

Xususan, biologiya, agrokimyo, molekulyar genetika, qishloq xoʻjaligi sohasida zamonaviy uskunalarda ishlay oladigan, bilimli yosh kadrlarga ehtiyoj yuqori ekanligi, agentlikning barcha viloyatlarda filiallari mavjudligi va ularni ham yosh kadrlar bilan taʼminlash muhimligi keltirib oʻtildi.

Ishga qabul qilingan yosh kadrlarni magistraturada oʻqishlari uchun ham toʻliq sharoit yaratib berilishi va hamkorlikda magistrlik dissertatsiyasini bajarishi mumkinligi taʼkidlandi. Talabalar va agentlik mutaxassislari oʻrtasidagi uchrashuv ochiq muloqot tarzida boʻlib, koʻplab savol-javoblar boʻlib oʻtdi. Agentlikda ishlash istagini bildirgan koʻplab bitiruvchi talabalar bilan suhbat oʻtkazilib, 15 nafar yosh talabalarni ishga qabul qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.