Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

ERKIN VOHIDOV – TIRIK SAYYORA

Joriy yilning 19 sentabr kuni Adiblar hiyoboni majmuasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan Erkin Vohidov ijodiy merosini keng targ‘ib qilish, yoshlarni adabiyotga qiziqishlarini yanada oshirish, rag‘batlantirish maqsadida “Atoqli adib, O‘zbekiston qahramoni – Erkin Vohidov hayoti va ijodi” ga bag‘ishlangan “ERKIN VOHIDOV-TIRIK SAYYORA” nomli ilk badiiy, hujjatli film namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Unda adabiyot sohasining yirik namoyondalari, film ijodkorlari, mutaxassis olimlar hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov “ERKIN VOHIDOV-TIRIK SAYYORA” nomli ilk badiiy, hujjatli film to‘g‘risida fikr bildirib: “Bugun universitet hayotida yana bir adabiyot, ma’rifat bayrami boshlandi. Gap shundaki, Sizlarga havola etish arafasida turgan “ERKIN VOHIDOV-TIRIK SAYYORA” nomli ilk badiiy, hujjatli filmni sur’atga olishdan maqsad - adib shaxsini nafaqat shoir-ijodkor, balki jamoat arbobi, yurt ravnaqi va istiqboliga kamarbasta inson sifatida ham qayta kashf etishdir”, — deb ta’kidlab o‘tdilar.


Shundan so‘ng so‘zga chiqqanlar Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari, professor Muhammadjon Quronov, Erkin Vohidovning yaqin oila a’zolari, O‘zMU rektorining ilmiy-adabiy maslahatchisi, professor Hamidulla Boltaboyev, O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi Bosh direktori birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, “Erkin Vohidov” hujjatli filmining ssenariy mualifi, yozuvchi Hurshid Do‘stmuhammad hamda filmda ishtirok etgan aktyorlar o‘zbek she’riyatining ko‘rki va faxri bo‘lgan shoir haqida iliq fikrlarni bildirib, O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘zlarining samimiy minnatdorchiligini bildirishdi. Shuningdek, ushbu ma’naviy-ma’rifiy kechada universitet qoshidagi “Dutorchi qizlar” ansambli vakilasi va universitet iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlab kelgan badiiy chiqishlar davra ruhiga ruh qo‘shib, barchaga jo‘shqin ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Ushbu hujjatli film Erkin Vohidov hayoti va ijodi haqida real ma’lumotlarga asoslangan bo‘lib, O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi studiyasi hamkorligida suratga olingan. Tadbirga yig‘ilganlar Erkin Voxidov hayoti va ijodi haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

O‘zMU Axborot xizmati