Fizika va Xorijiy filologiya fakultetlarida bitiruvchilar bandligi muhokama qilindi

O‘zbekiston Milliy universitetining Fizika va Xorijiy filologiya fakultetlarida 2025/2026-o‘quv yili bitiruvchilarining bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud holat muhokama qilindi. Uchrashuvlarda fakultet dekanlari, kafedra mudirlari hamda bitiruvchilarga biriktirilgan professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuhrat Toshmatov va Marketing va bitiruvchilar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Mansur Mamanazarov kafedra mudirlarining hisobotlarini tinglab, amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini tahlil qildi.

Muhokamalar davomida bitiruvchilarning bandlik ko‘rsatkichlarini oshirish, ularni mutaxassisligiga mos ish o‘rinlariga yo‘naltirish, ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda ish bilan ta’minlanmagan har bir bitiruvchi bilan individual ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, bitiruvchilarni «Kelajakka qadam» dasturiga jalb etish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, career.edu.uz va osonish.uz elektron platformalariga rezyumelarini joylashtirish hamda ushbu platformalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida bitiruvchilar bandligini ta’minlash borasidagi mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, aniq natijalarga erishish va belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.