Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Globallashuv sharoitida yoshlarning bag‘rikengligi

Maʼlumki, 1995-yil BMT tomonidan 16-noyabr Xalqaro tolerantlik – (bag‘rikenglik) kuni deya eʼlon qilinib, bu xususda umumjahon miqyosida maxsus deklaratsiya ham qabul qilingan edi. O‘zbekiston 185 ta davlat qatorida ushbu deklaratsiyaga qo‘shilgan holda mamlakatda millatlararo totuvlik va barqarorlikni taʼminlashdagi muhim omil bo‘lgan bag‘rikenglik tamoyillarini ijtimoiy-maʼnaviy hayotga tadbiq etish borasida muhim amaliy tadbirlarni amalga oshirilmoqda. Xususan, shu yili noyabr oyining o‘rtalari butun respublikada “Bag‘rikenglik haftasi” (15-21 noyabr) deya e’lon qilinib, bu borada mamlakatimiz bo‘ylab ko‘plab tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shunday tadbirlardan biri 17-noyabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘lib o‘tdi. Universitet huzuridagi “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik” ilmiy markazi tashabbusi bilan shu kuni “Globallashuv sharoitida yoshlarning bag‘rikengligi” mavzusida ilk bora Markaziy Osiyo oliy o‘quv yurtlari yosh o‘qituvchilari, tadqiqotchilari va talabalarning xalqaro onlayn davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatida universitet, tarix fakulteti rahbariyati, ilmiy markaz aʼzolari, universitet professor-o‘qituvchilari, yosh o‘qituvchi, tadqiqotchi, magistr, bakalavr talabalar ishtirok etdilar. Mazkur davra suhbatida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston tomonidan so‘z olgan yoshlar o‘z chiqishlarida millatlararo munosabatlarni mustahkamlashda bag‘rikenglik tamoyilining tutgan o‘rni, globallashuv sharoitida yoshlar taʼlim-tarbiyasida bag‘rikenglik, ularni yot g‘oyalardan asrash masalalari, islom va bag‘rikenglik va qator boshqa dolzarb mavzularga o‘z eʼtiborini qaratdilar. Xususan, M.Bakirova (O‘zbekiston) “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari”, I.Mursaliyeva, T.Sharipxanova (Qozog‘iston) “Тоталитарлық жүйенің негізгі сипатымен қалыптасу жағдайы (Салыстырмалы талдау)”, O.Meliboyev(Tojikiston) “Globallashuv davrida yoshlarni yot g‘oyalar va mafkuraviy hurujlardan saqlashning zarurati, usul va yo'llari”, U.Xo‘jayev (O‘zbekiston) “Islom va bag‘rikenglik”, Ajep Asem, Mati Korkem (Qozog‘iston) “Батыс Еуропадағы шіркеүлік және монастырлық скрипторилер (Үлы Карл империясы мысалында)” mavzularida so‘zga chiqdilar. Davra suhbati oxirida so‘zga chiqqan maʼruzachilar universitet sertifikatlari va sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Markaziy Osiyo mintaqasi oliy o‘quv yurtlari orasida ilk bora Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlangan ushbu xalqaro onlayn davra suhbati talaba-yoshlar jamoasi ichida iliq taassurot qoldirib bu kabi tadbirlarni doimiy o‘tkazish tashabbusi ular tomonidan olg‘a surildi.

O’zMU Axborot xizmati