Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

“Hisoblash modellari va texnologiyalari (CMT2024)” xalqaro ilmiy seminari o‘tkazildi

Joriy yilning 27-aprel kuni O‘zbekiston Milliy universitetida professor Ma’ruf Israilovich Isroilovning 90 yilligi munosabati bilan “Hisoblash modellari va texnologiyalari (CMT2024)” mavzusida III xalqaro ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori, O‘zbekiston Qahramoni, akademik Shavkat Ayupov va O‘zRFA akademiklari, SamDU professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Malayziya, Xitoy, Rossiya va boshqa xorijiy mamlakatlardan matematik olimlar, Ma’ruf Isroilovichning yaqinlari, shogirdlari ishtirok etdi. 

Nufuzli anjumanni O’zMU rektori, professor Inom Madjidov kirish so’zi bilan ochib berar ekan, olimning sonlar nazariyasi va hisoblash matematikasi bo‘yicha mamlakatimizdagi ilmiy maktablarning tashkilotchisi va rahbarlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Mazkur seminarda ishtirok etayotgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo’ng’irotboy Sharipov so’zga chiqib, M.I. Isroilovning sohada yuksak ilmiy natijalarga erishibgina qolmay, uzoq yillar fandagi yangiliklarni yosh avlodga yetkazish, mamalakatimiz uchun yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashdagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi.

2020-yildan boshlab O‘zbekiston Milliy universiteti Hisoblash matematikasi va axborot tizimlari kafedrasi hamda Malayziyadagi MARA texnologiya universiteti bilan hamkorlikda har 2 yilda xalqaro konferensiya o‘tkazib kelinadi. Navbatdagi o‘tkaziladigan konferensiya joriy yilning 12-13-oktyabrda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida MARA texnologiya universitetida o‘tkazilishi kutilmoqda.

Bugungi xalqaro seminar ushbu konferensiyaning boshlanishi bo‘lib, respublikamizda hisoblash matematikasi rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan olim, mohir pedagog fizika-matematika fanlar doktori, professor Ma’ruf Israilovich Isroilovning 90 yilligiga bag‘ishlandi.

M.I.Israilov O‘zbekiston Milliy universiteti Hisoblash matematikasi kafedrasida uzoq yillar davomida ilmiy-pedagogik faoliyat olib borib, talabalarga ma’ruzalar o‘qigan. Ularning bitiruv ishlariga rahbarlik qilgan. U iqtidorli talabalarni topib, ilm qilishga jalb qilish uchun astoydil mehnat qildi. Aynan shu o‘quv dargohida o‘zining ko‘pchilik bo‘lg‘usi shogirdlarini topdi va ularni ilmiy ish bilan shug‘ullanishlari uchun O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining ilmiy tadqiqot institutlariga jalb qildi.

Professor M.I.Israilov Respublikamizda hisoblash matematikasi sohasi bo‘yicha ilmiy maktabni yaratishida O‘zbekiston Milliy universitetida olib borgan ilmiy-pedagogik faoliyati asos bo‘ldi. Mehnatlari o‘z samarasini ko‘rsatib, uning bevosita rahbarligida 17 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari hisoblash matematikasi sohasi bo‘yicha muvaffaqiyatli himoya qilindi.

Hisoblash  matematikasining sir-asrorlarini uzoq yillik mashaqqatli izlanishlari natijasi o‘laroq, M.I.Israilov hisoblash matematikasidan oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun o‘zbek tilida yagona bo‘lgan "Hisoblash metodlari" (I-II qismlar) darsligini  yaratdi. Keyinchalik mazkur kitoblar to‘ldirilgan holda muntazam uzoq yillar davomida qayta nashrdan chiqarib kelinayapti. E’tibor beradigan bo‘lsak, professor M.I.Israilov soha yuzasidan yuksak ilmiy natijalar olibgina qolmasdan, balki uzoq yillar davomida fandagi  yangiliklarini yosh avlodga yetkazish, mamlakatimiz uchun yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashni o‘zi uchun eng sharafli ish deb bilgan. U o‘zining Hisoblash metodlari darsligini nafaqat Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti balki respublikamiz universitetlari talabalariga, magistrantlariga dars berish jarayonida, mohir pedagog va sohaning yetuk mutaxassisi sifatida maromiga yetkazgan. Seminarda professor M.M.Aripov lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida nashr qilingan "Hisoblash metodlari" (I-II qismlar) kitobini taqdimot qildi.

Seminarda Respublikamizda nafaqat hisoblash matematikasi, balki matematik  modellashtirish, sun’iy intellekt va axborot xavfsizligi  bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar va ularning amaliy ahamiyati haqidagi 100 dan ortiq ma’ruzalar 6 ta sho‘balarda tinglandi. 

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va xorijiy oliy ta’lim muassalari bilan hamkorlikda doimiy o‘tkazib borilayotgan “Hisoblash modellari va texnologiyalari (CMT2024)” konferensiyalari natijalari sifatida bir qator Malayziya universitetlari (Universiti Teknologi MARA (UiTM), Universiti Malaysia Terengganu (UMT), Universiti Malaysia Perlis) bilan imzolangan memorandumlar va Skopus bazasida nashr ettirilgan 100 ga yaqin ilmiy maqolalarni alohida qayd etish joiz.

Hisoblash matematikasi va axborot tizimlari kafedrasi tomonidan O‘zMU domenida ilmiy konferensiya sayti http://cmt.nuu.uz yaratildi. Ushbu saytga konferensiyani tashkil qilish, unda ishtirok etish shartlari, materiallarni rasmiylashtirish, muhim sanalar va konferensiyaga oid boshqa ma’lumotlar joylashtirilgan.

O‘zMU Axborot xizmati